Bugun mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi referendumida yoshlar ham faol ishtirok etmoqda. Mazkur siyosiy jarayonda Navoiy viloyatida 18-30 yoshdagi yoshlar 192 ming 133 nafarni tashkil etib, shundan 18 ming 225 nafari birinchi marta ishtirok etmoqda.
Gullola Ubaydullayeva Navoiy shahridagi “Vatan” MFYda istiqomat qiladi. Gullola bugun bo‘lib o‘tayotgan siyosiy jarayonda ilk bor qatnashdi.
– Bugun men uchun hayajonli kun. Chunki men yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan siyosiy jarayonda ilk bor ishtirok etdim, – deydi G.Ubaydullayeva.
Albatta, bugungi yoshlarimiz ertangi kunimiz yaratuvchilaridir. Ular uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
[gallery-11658]
Bugun o‘tkazilayotgan referendumga ovoz berish jarayonida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida ishlayotgan yoshlar vakillari, xotin-qizlari ham faol ishtirok etmoqda.
– Bugun men Zarafshon shahridagi 250-referendum uchastkasida yurtimiz tinchligi va xalqimizning kelajagi uchun o‘z ovozimni berdim, – deydi “NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasi yoshlar yetakchisi Saodat Boboyorova. – Bosh qomusimizda oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratilmoqda. Bundan tashqari, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti. Davlat shu orqali o‘z zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqdaki, mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir. Shu bilan birga ota-onalarning o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar nafaqat boqish va tarbiyalash, balki ularning ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi uchun ham g‘amxo‘rlik qilishi belgilanmoqda.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA