“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan umumxalq referendumida yurtimizda yashayotgan turli millat vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Yekaterina SMESOVA, Andijon davlat universiteti dotsenti, Rus milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari:
– Men Andijon shahridagi o‘zim yashaydigan Shifokorlar mahallasi hududidagi 70-referendum uchastkasida o‘z munosabatimni bildirdim.
Mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona milliy siyosat tufayli O‘zbekistonimizda yashayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida hamjihatlik va do‘stona munosabatlar shakllangan. Buni Andijon viloyatida yashab, mehnat qilayotgan ruslar, qirg‘izlar, koreyslar, armanlar, uyg‘ur va tojiklar, qo‘yingki, turli millat vakillari hayoti, faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Men O‘zbekistonda yashayotgan rus millati vakili sifatida yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllanganligini alohida e’tirof etaman. Qolaversa, O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. Chunki men shu yurtda tug‘ildim, o‘sdim, oilali bo‘ldim, Bugun farzandlarim bag‘rimda kamolga yetmoqda. Tinch-osoyishta yurtimizda emin-erkin yashashimiz, mehnat qilishimiz, millatimizning an’ana va urf-odatlarini davom ettirishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Andijonda, rus pravoslav va xiristian cherkovlari ishlab turibdi. Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari va litseylarda rus tili va adabiyoti fani o‘qitilmoqda. Darslar to‘la rus tilida olib boriladigan hamda aralash o‘qitiladigan maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bularning barchasi yurtimizda o‘zga millat vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor namunasidir.
Olga CHJEN, Andijon shahridagi 11- umumta’lim maktabi direktori, Koreys milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari:
– 18-referendum uchastkasida ovoz berdim. Men O‘zbekistonda tug‘ildim, butun hayotimni shu yurtda o‘tkazdim. O‘qidim, oliy ma’lumot oldim, ta’lim tizimida uzoq yillarda buyon faoliyat yuritib kelaman. Ochig‘ini tan olib aytishim kerak, men biror marta o‘zga millat vakili, deb qandaydir to‘siq yoki tayziqqa uchraganimni eslay olmayman. Oilam, farzandlarim bilan baxtliman, Mahalladoshlarim, qo‘ni-qo‘shnilarim, hamkasblarim bilan chiroyli munosabatlarimizga ko‘pchilikni havasi keladi.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuxriddin UMRZOQOV (foto), O‘zA