Navoiy shahridagi yoshlar markazida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan tarbiyachi hamda pedagoglar, yoshlar ishtirokida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori ostida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan yangi qo‘shimchalar va o‘zgarishlar xalqimizning turmush tarzini yanada farovonlashishiga, inson qadrini bundanda yuksalishiga xizmat qilishi ta’kidlanib, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga da’vat etildi.
– Yangi Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilanyapti, – deydi Navoiy shahridagi 11-ayrim fanlarni chuqurlashtirilib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab direktori Gulnora Jumaniyozova. – O‘zim Xorazm viloyatida tavallud topgan bo‘lsam-da, Navoiy shahri o‘z uyimga aylangan. Shu yerda yashayapman, mehnat faoliyatimni olib boryapman. Shu yerda hurmat va e’tibor qozondim. To‘g‘ri, faoliyatim davomida turli to‘siqlarga uchradim, kezi kelganda jamoam va o‘quvchilarim bilan majburiy mehnatga ham jalb qilindik. Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Majburiy mehnatga chek qo‘yildi. Bu hatto Yangi Konstitutsiyamizda ham mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada ta’lim sohasi bo‘yicha ham ko‘pgina modda va normalar o‘z ifodasini topib, ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshgan.
– bugungi kunda viloyatdagi 364 ta umumta’lim maktabida 183 ming 810 nafar va 1203 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida esa 12 ming nafardan ortiq xodim faoliyat olib bormoqda, – deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi O‘tkir Tillayev. – Yurtimizda ta’limni sifat va mazmun jihatdan butunlay yangi bosqichga ko‘tarish, sohada xorijiy ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham o‘qituvchi mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash va boyitishning asosi sifatida e’tirof etilmoqda.
[gallery-11220]
Uchrashuvda so‘zga chiqqan ta’lim fidoyilari Yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, barchani 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbirda viloyat san’atkorlari va maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA