Shu yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda mazkur referendumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in kechmoqda. Referendumda fuqarolar o‘z huquqlaridan foydalangan holda faol ishtirok etib, siyosiy irodasini namoyon etadilar.
Xo‘sh, referendumda kimlar ishtirok etish huquqiga ega, kimlar bunday huquqqa ega emas?
Referendumda ishtirok etish huquqiga oid norma «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 6-moddasida o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi ham referendumda ishtirok etishga to‘la haqli hisoblanadi.
Qonunning mazkur moddasida referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmaganlar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emas.
Yana shuni qayd etish lozimki, mazkur moddaga ko‘ra, kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan barcha fuqarolar ushbu siyosiy jarayonda faollik ko‘rsatib, yangilanayotgan Konstitutsiyamizni qabul qilish yoki qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladilar. Bu esa fuqarolarning mamlakat hayotidagi, Konstitutsiyaviy islohotlardagi ishtiroki ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA