Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Referendum va yoshlar» forumi jo‘shqin ruhda o‘tdi
15:43 / 2023-03-30

Joylarda talaba-yoshlar ishtirokida «Referendum va yoshlar» forumlari tashkil etilmoqda. Gala-konsert ko‘rinishida o‘tayotgan bunday forumlarda mamlakatimizdagi muhim siyosiy voqelik – referendumning ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati yoshlarga batafsil tushuntirilmoqda.

Poytaxtimizdagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib o‘tgan «Referendum va yoshlar» forumi ham ko‘tarinki kayfiyatda, bayramona ko‘rinishda tashkil etildi. 4 mingga yaqin talaba-yosh, 320dan ortiq professor-o‘qituvchi, universitet xodimlari ishtirok etgan mazkur forumda jamoat tashkilotlari vakillari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, akademiklar, turli xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari, sport bo‘yicha Jahon va Osiyo chempionlari tomonidan targ‘ibot chiqishlari qilindi.

– Mamlakatimiz fuqarolarining xohish-istaklari hamda keng jamoatchilik vakillarining takliflari asosida yangilanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida yoshlarning ta’lim olishiga oid qator yangiliklar o‘z aksini topmoqda, – dedi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti akademigi Bahriddin Zaripov. – Jumladan, 50-moddada har kim ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlashi belgilanmoqda. Shuningdek, ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi ham mustahkamlanmoqda. Yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizning 51-moddasida esa fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi o‘z aksini topgan. Bu kabi normalar kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning zamon talablariga munosib ta’lim olishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishda muhim o‘rin tutadi.

Forumda talaba-yoshlar ham yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘yicha o‘z fikrlarini, amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi o‘zgarishlarga munosabatlarini bildirdi.

Yuqori saviyada tashkil etilgan forumda xalqimiz suygan taniqli san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan yig‘ilganlarga kayfiyat ulashdi. Forum davomida tashabbuskor talaba-yoshlar tomonidan #meningkonstitutsiyam, #konstitutsiyaoʼzimizniki, #befarqemasman xeshteglari ostida chellenj tashkil etilib, ijtimoiy tarmoqlarga ulashildi.

M.Komilova, O‘zA