O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug komissiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi. Unda okrug komissiyasi raisi Ulug‘bek To‘xtayev axborot berdi.
Qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Senatining 14 martdagi qarorlariga ko‘ra, 2023 yilning 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi o‘tkaziladi.
Bu borada Toshkent viloyatida ham tizimli ravishda tayyorgarlik ishlari amalga oshirilyapti. Xususan, 10-Toshkent viloyati okrug komissiyasi uchun Nurafshon shahrida maxsus bino ajratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Komissiya tarkibiga tajribali, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar orasidan komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi va 18 nafar a’zo nomzodi tanlandi. Ularning faoliyati yo‘lga qo‘yildi.Okrug komissiyasi huzurida matbuot markazi tashkil etilib, a’zolari tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risida” gi Qonunining 20-moddasiga asosan okrug komissiyasi majlisiga tuman-shahar hokimlari tomonidan taqdim etilgan referendum uchastkalari bo‘yicha taqdimnomalari qabul qilindi. Toshkent viloyati bo‘yicha jami 958 ta referendum uchastkalari tashkil etildi. Muhimi, tashkil etilgan referendum uchastkalari aholi uchun qulay hududlarda bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, 560 ta referendum uchastkalari maktablarda, 89 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 54 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 11 tasi oliy o‘quv yurtlari binolarida, 56 tasi tibbiyot, sanatoriylar va dam olish maskanlarida, 73 tasi davlatga qarashli korxona va tashkilot binolarida, 56 tasi madaniyat va sport markazlarida, 22 tasi maxsus referendum uchastkalarida, 10 tasi Adliya va Davlat xizmatlari markazlarida, 27 tasi esa tadbirkorlarga tegishli binolarda tashkil etilgan. Ularga ko‘rsatkichlar, peshlavhalar va axborot stendlari tayyorlanmoqda. Shuningdek, referendumga oid qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlanishi nazoratga olingan. Jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini e’tiborga olgan holda mazkur binolarga nishab yo‘laklari (pandus) borligi alohida e’tiborga olindi.
A. Musayev, O‘zA