O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 2-Andijon okrug komissiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda okrug komissiyasi raisi Komiljon Komilov referendumga tayyorgarlik, uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar, okrug komissiyasining ish rejalari xususida ma’lumot berdi.
Jumladan, brifingda joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumni o‘tkazishga tayyorgarlik jarayoni “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida” gi qonunda belgilangan tartib-tamoyillar asosida bosqichma-bosqich olib borilayotganligi aytildi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan saylovlar hamda referendum o‘tkazish borasida muayyan ish tajribasiga ega, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan, turli sohalar vakillari bo‘lgan 21 nafar kishidan iborat okrug saylov komissiyasi tashkil etilib, Andijon shahri, Cho‘lpon shoh ko‘chasida joylashgan viloyat Yoshlar markazi binosida ish olib bormoqda.

Viloyatning 2 ta shahar, 14 ta tumanida jami 928 ta referendum uchastkalari tashkil etildi va ular haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi. Uchastkalar referendumda qatnashish huquqiga ega aholi vakillari uchun qulay bo‘lgan binolarda faoliyat olib boradi.
Siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlar qonuniylik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda o‘tkazilishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, birifingda okrug komissiyasi qoshida matbuot markazi tashkil etilganligi, OAVlar bilan hamkorlik, OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartiblari bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.
F. UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA