English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Referendum: O‘zbekiston - ijtimoiy, huquqiy davlat
12:50 / 2023-03-26

Navoiy davlat pedagogika institutida “Referendum: O‘zbekiston - ijtimoiy, huquqiy davlat” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Institut o‘qituvchi va talabalari ishtirok etgan tadbirda referendum tushunchasi, Konstitutsiyamizga kiritilayotgan qo‘shimchalar va o‘zgarishlar, yangi moddalarning ahamiyati borasida ma’lumotlar taqdim etildi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarda “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyil ilgari surilib, inson qadri har narsadan ustun ekanligi ta’kidlanmoqda. Yangilanayotgan konstitutsiyada ta’lim sohasi bo‘yicha ham ko‘pgina modda va normalar o‘z ifodasini topib, ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda. Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish imkoniyati belgilab qo‘yildi.  

— 2017 yilgacha oliygohlarda o‘qish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan bo‘lsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgardi. Grantlar soni 2 baravar ko‘paydi. Magistratura uchun esa 5 baravarga ko‘paydi, – deydi institut rektori Bahodir Sobirov. – Shuningdek, Bosh qomusimizda fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi ham belgilanmoqda. Nogironligi bor bolajonlarimizga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilyapti. Shuning uchun bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida konstitutsiyaga kiritilmoqda. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun muhim kafolatdir.

Yangilanayotgan konstitutsiyada o‘zgarishlardan yana biri shundaki, davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda.  

Konstitutsiyamizda oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi kafolatlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi oliy o‘quv yurti va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga davlat ishtirokini cheklashga, professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tadbirda ishtirokchilar Yangilanayotgan konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.

A.Bo‘riyev, O‘zA