Shu yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha referendumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mazkur referendumni milliy qonunchilikka mos tarzda, uyushqoqlik bilan tashkil etishda referendum komissiyalari muhim o‘rin tutadi.
Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasining shu yil 16 martdagi majlisi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralarida 14 ta referendum okruglari tashkil etilgan edi. 23 martdagi yig‘ilishida esa referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tuzilib, ularning tarkibi turli soha vakillaridan iborat jami 266 nafar a’zodan iborat etib tasdiqlandi.
Xo‘sh, mazkur referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari qanday vazifalarni bajaradi, ularning vakolatlari nimalardan iborat?
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Bahodir Yunusov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Referendumni munosib tashkil etish va o‘tkazishda, albatta, referendum komissiyalarining o‘rni muhim, chunki aynan ular mazkur jarayonlarga mas’ul hisoblanadi, — deydi MSK a’zosi. — Xususan, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasining vakolatlari «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi referendum uchastkalarini tuzadi, okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi. Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Bundan tashqari, mablag‘larni referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari o‘rtasida taqsimlaydi, uchastka komissiyalarining binolar, transport, aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi va okrugda referendumni moddiy-texnika jihatidan ta’minlashning boshqa masalalarini ko‘rib chiqadi.
Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi referendumga tayyorgarlik ko‘rish davomida targ‘ibot-tushuntirish ishlarining tashkil etilishi va yoritilishida ommaviy axborot vositalariga ko‘maklashadi. Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini tinglaydi.
Ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlari tuzilishi va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib borish, referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini ovoz berish byulletenlari bilan ta’minlash, okrug bo‘yicha ovoz berish yakunlarini aniqlash va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish kabi vazifalar ham referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi vakolatiga kiradi. Bundan tashqari, ushbu komissiyalar ovoz beruvchi fuqarolarning va referendum boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.