Shu yilning 30 aprel sanasida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasining referendumiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Shu maqsadda 24-25 mart kunlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining a’zolari uchun o‘quv-seminarlari tashkil etildi.
Seminar-treningning maqsadi referendumni o‘tkazuvchi okrug komissiyalari a’zolarining siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi asosiy vazifalari, referendum jarayonlarini umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga rioya etilgan holda, milliy qonunchilikka mos tarzda, uyushqoqlik bilan tashkil etishdagi ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasining professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi hamda Konstitutsiyaviy komissiya va MSK a’zolari tomonidan olib borilgan o‘quvlarda 42 nafar referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining a’zolari ishtirok etdi.

O‘quv metodik materiallar asosida olib borilgan mashg‘ulotlarda referendumni tashkil etish va o‘tkazishda okrug va uchastka komissiyalarining o‘rni, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, xorijiy kuzatuvchilar bilan muloqotning e’tiborli jihatlari, ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatini shakllantirish va ushbu ro‘yxatlar bilan ishlashda okrug komissiyalari oldida turgan vazifalar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, referendum kuniga tayyorgarlik, ovoz berish yakunlarini aniqlash kabi mavzular muhokama etildi.
Shuningdek, okrug va uchastka binolari va ovoz berish xonalarini jihozlashga qo‘yilgan talablar yuzasidan amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Seminar-trening so‘ngida ishtirokchilarga sertifikatlar hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalariga guvohnoma va muhrlar topshirildi.
O‘zA