O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizda eng oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Undagi norma va qoidalar asosida va ijrosini ta’minlash maqsadida boshqa normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinadi.
Keyingi vaqtlarda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan katta islohotlar, xalq manfaati uchun qabul qilinayotgan hujjatlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek oliy maqsad sari qo‘yilgan qadamlar albatta Asosiy qonunimizni yangilash zarurligini taqozo etadi. Prezidentimiz Konstitutsiyamizni qayta ishlab chiqishda bevosita xalqning takliflari, istak-xohishlarini e’tiborga olish, qonun loyihasi referendumga qo‘yish orqali qabul qilinishini bildirgan edi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda xalqimizning fikri, takliflari 2 bosqichda o‘rganildi. Birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun fuqarolarimiz 60 mingdan ziyod taklif berdi. Ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 million aholi tanishib, 150 mingdan ortiq taklif va mulohaza aytildi. Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham yana qariyb 10 mingta qo‘shimcha taklif tushdi. Ayni paytda xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi o‘rganildi, loyiha 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazildi.
Xo‘sh Konstitutsiya loyihasida qanday o‘zgarishlar joy olmoqda?
Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga xalqimiz takliflari asosida yangilandi. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, Konstitutsiya muqaddimasidan to oxirgi moddalardagi normalar inson huquq va erkinliklari, ularning manfaatlari ustunligini ta’minlashga xizmat qiladi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi va kafolatlanadi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.
Eng ahamiyatlisi, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilanmoqda. Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas.
Fuqarolarning asosiy huquqlaridan biri bu mehnat qilish, erkin kasb tanlash va ishsizlikdan himoyalanish hisoblanadi. Konstitutsiya loyihasida mehnat munosabatlariga doir bir qator yangi moddalar kiritilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega ekanligi, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag‘batlantirishi belgilanmoqda.
Shuningdek bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanmoqda. Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘ladi. Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirish, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratish hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi.
Shuningdek Konstitutsiyada ilk bor yoshlar siyosatini amalga oshirishda davlatning asosiy vazifalari ham mustahkamlanmoqda.
Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi, degan normaning kiritilishi ushbu xududda yashovchi har birimizga katta quvonch bag‘ishlaydi. Chunki bu normaning Konstitutsiyada belgilanishi xududga bo‘lgan e’tibor va mintaqani rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarning uzviy davom etishini anglatadi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumga qo‘yish orqali qabul qilinishi belgilangan. Mamlakatimizda referendumni tashkil etish va o‘tkazish tartibi “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida” gi qonun bilan tartibga solinadi.
Referendum fuqarolarning o‘z xohish-irodasini umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga ega. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emas.
Referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish referendumga o‘n kun qolganida boshlanadi va referendumga uch kun qolganida tugallanadi.
Agar ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘i yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qaror referendumda qabul qilingan deb topiladi.
Nasiba Qutlimuratova,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali bosh inspektori.
O‘zA