Ichki ishlar vazirligining Buxoro shahridagi akademik litseyida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tadigan referendumga bag‘ishlangan muloqot tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda akademik litseyning pedagoglar jamoasi va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillaboyev o‘z so‘zida referendum – davlat uchun ham, har bir fuqaro uchun ham qabul qilinishi o‘ta ahamiyatli bo‘lgan qarorlar bo‘yicha ovoz berishda keng jamoatchilik ishtirok etishining samarador usuli ekanini qayd etdi.
Referendumga qo‘yilgan yangi Konstitutsiya loyihasidagi konseptual o‘zgarishlar haqida tadbir ishtirokchilariga atroflicha ma’lumot berildi.

Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar Konstitutsiya loyihasining ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarida o‘z ifodasini topgan. Ta’lim va ilm-fanga taalluqli normalar soni qariyb ikki barobarga oshirilib, ta’lim olish huquqi va imkoniyatlari tubdan kengaytirilmoqda.
Fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Ma’lumki, 2017 yilgacha oliygohlarda o‘qish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan bo‘lsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgardi. Grantlar soni 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi.

Asosiy qonun loyihasida fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi ham belgilanayotgani aytib o‘tildi. Nogironligi bo‘lgan bolalarga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilyapti. Inklyuziv ta’limning Konstitutsiyaga kiritilayotgani shunday nuqsonlarga ega bolalar yakkalanib qolmasligi, aksincha, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida kamol topishi uchun muhim kafolatdir.
Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilyapti. Shu tariqa mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ziyod o‘qituvchining professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishini huquqiy kafolatlash natijasida ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘-e’tibori yanada oshadi.
Suhbat davomida bola huquqi, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitni yaratish davlat burchi sifatida belgilanayotgani ta’kidlandi.
Samimiy va foydali muloqot tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi. Litsey pedagoglari va o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
O‘zA