Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Referendum baxtga chorlovdir
14:16 / 2023-04-03

Zamon shiddatkor ekan, inson ongu tafakkurida ham evrilishlar, yashash tarzida ham o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Jamiyatning, mahallaning hatto, oilaning ham o‘ziga xos tartib-tizginlari bo‘ladi.

Bir guruh ziyolilardan tarkib topgan targ‘ibotchilar professor Abduhalil Mavrulov boshchiligida o‘z safarini Navoiy viloyatidan boshladi. «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyatining rahbari tomonidan maxsus tuzilgan jadval e’lon qilinar ekan, referendum va Konstitutsiyaga kiritilgan yangilik va o‘zgarishlarni keng jamoatchilikka sodda va ravon tarzda, yuksak notiqlik mahorati va yetuk bilim bilan yetkazish lozimligi ta’kidlandi.  

Dastavval, O‘zbekistonning "oltin sandiqchasi" sifatida e’tirof etiluvchi Zarafshon shahrining turli jamoa korxonalari, ta’lim muassasalari va mahallalarida bo‘ldik. Mahalliy aholining kelajakka ishonch, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgani bizni ham g‘ururlantirdi.  

Inchunin, yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson qadri va sha’nini ulug‘lashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Yangi O‘zbekistonda bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.  

Zarafshondagi 12-sonli Jazoni ijro etish muassasasida bo‘ldik. Jazo muddatini o‘tayotgan ayrim mahkumlar bilan suhbatlashdik.  

– Men yo‘l qo‘ygan xatolarim, aybim sabab bu yerda o‘tirarkanman, umrimni sarhisob qilaman, – deya so‘z boshladi mahkumlardan biri Muhiddin Shoyev. – 20 yilga ozodlikdan mahrum qilinganman, 18 yilini o‘tab bo‘ldim. Ko‘p pushaymonman. O‘zim asli Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilganman. Ota-onamning qadriga yetmadim, ularga xizmat qila olmadim, o‘z qo‘lim bilan qabrga ham qo‘ya olmadim. Olamdan o‘tib ketishdi. Qanchadan qancha yaqinlarimning to‘y-hashamlarida bo‘lolmadim. Afsusdaman. Gazeta va jurnallar orqali mamlakatimizning yildan-yilga o‘zgarib, rivojlanib borayotganini eshitib quvonaman. Yangi Konstitutsiyada bizlarga daxldor ma’lumotlar bor. Inson qadri va sha’nini ulug‘lash siyosatining ustuvorligi shundoqqina sezilib turibdi. Farzandlarim, yaqinlarim bilan ko‘rishib, qo‘ng‘iroqlashib turishimga imkon yaratilgan.  

Shuningdek, «Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari» shiori ostida pedagog va mahalla faollari bilan uchrashuv tashkil etildi.  U yerda ham mavzuga oid qarashlar va munosabatlar borasida ishtirokchilar bilan suhbatlashdik.  

– Zarafshon – sanoat va ishchilar shahri. Bu yerda o‘z kasbini sevadigan fidoyi zahmatkash insonlar ko‘p. Ular yurt kelajagiga befarq emas. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi xalqimiz kechagi xalq emas, ularning ongu-tafakkuri rivojlangan. Ular voqelikka to‘g‘ri baho berib, muammolarga yechim topa oladi. Prezidentimizning sa’y-harakatlarida xalqimizni boy qilish, rozi qilish g‘oyasi bor. Qaysi ota-ona o‘z bolalarining kelajagiga beparvo bo‘lishi mumkin? Shunday ekan, yaqinda o‘tkaziladigan referendumga e’tibor va ehtirom bilan qarashlari tayin, – deydi O‘zbekiston Qahramoni Farxat Soyibov.  

Xizmat safari mobaynida zarafshonliklarga xos yuqori kayfiyatni Tomdi, Uchquduq, Xatirchi, Nurota tumanlaridagi mahallalar ahlida ham ko‘rdik. Yurt qismatiga, ilm-fanga sadoqatli insongina chinakam vatanparvar bo‘ladi. Baxt qomusi – Konstitutsiyamizga befarq bo‘lmaydigan insonni chin vatanparvar deyish mumkin. Chunki ushbu tarixiy hujjat xalqimizni baxtu saodatga eltuvchi bebaho qo‘llanmadir.  

Rahimboy Jumaniyozov  

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

O‘zA