Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Referendum-2023: xorijdagi fuqarolarimiz haqida ma’lumot berildi
13:09 / 2023-04-30

Bugun, 30 aprel kuni mamlakatimizda umumxalq referendumi bo‘lib o‘tmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev referendum bo‘yicha xorijda muddatidan oldin ovoz berish natijalari xususida ma’lumot berdi.

O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 31-bandiga binoan, xorijdagi elchixona va Bosh konsulxonalarimiz tomonidan joriy yil 19-26 aprel kunlari muddatidan oldin ovoz berish jarayoni amalga oshirilgan.

 

OAV vakillariga O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan 40 ta xorijiy davlatlarda, jumladan, diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud bo‘lmagan shaharlarda qo‘shimcha ravishda jami bir ming uchta muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etilgani aytildi.

Ushbu muddatdan oldin ovoz berish jarayonida 159 276 nafar fuqarolarimiz o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishdi.

Qayd etilishicha, xorijdagi vakolatxonalar tomonidan muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida vatandoshlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari va chet el rasmiylari ishtirokida 500 dan ziyod tushuntirish, brifing va uchrashuvlar tashkil qilindi.

Siyosiy voqelikni OAVda yoritilishini ta’minlash maqsadida Rossiya, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Turkiya davlatlariga O‘zbekistondan jurnalistlar yuborilgan.

30 aprel erta tongdan yurtimizning Yaponiya va Koreyadagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04.00 da ovoz berish boshlangan. 
Ovoz berish jarayoni boshlangan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalarda esa 1 may kuni soat 05.00 da yakunlanadi.

B.Xudoyberdiyev,
O‘zA