Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Referendum - 2023: Kelajaging uchun ovoz ber!
12:13 / 2023-03-30

Navoiy davlat pedagogika instituti O‘zbek tili va adabiyoti fakultetida “Referendum - 2023: Kelajaging uchun ovoz ber!” shiori ostida “Referendum va yoshlar” nomli talabalar forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Akshagul Tulegenova va Inna Korjikova, “Oqila ayollar” harakati Navoiy viloyati rahbari, xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Anora Bobomurodova Konstitutsiyamizga kiritilayotgan qo‘shimchalar va o‘zgarishlar, yangi moddalarning ahamiyati borasida to‘xtalib o‘tdi.  

Ta’kidlanganidek, Yangi Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilanyapti. Unda “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyil ilgari surilib, inson qadri har narsadan ustun ekanligi ta’kidlanmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyada ta’lim sohasi bo‘yicha ham ko‘pgina modda va normalar o‘z ifodasini topib, ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshgan. Fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi belgilanib, nogironligi bor bolalar jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.  

– Biz yoshlar oliygohni tugatganimizdan so‘ng aksariyatimiz o‘qituvchi bo‘lib faoliyatimizni boshlaymiz, – deydi Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi Umida Rahmonova. – Yangilanayotgan Konstitutsiyadagi o‘zgarishlardan biri shundaki, davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda. Bu esa bizning kelgusidagi faoliyatimiz kafolatidir.  

Konstitutsiyada oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi kafolatlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi oliy o‘quv yurti va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot jarayoniga davlat ishtirokini cheklashga, professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.  

– Men faoliyatim davomida bir necha yillar o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman, – deydi “Oqila ayollar” harakati Navoiy viloyati rahbari Anora Bobomurodova. – O‘quvchilik, talabalik va faoliyatimning aksariyat yillarida majburiy mehnatga jalb etilganmiz. Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Inson qadri ulug‘lanib, islohotlar inson manfaatlari uchun xizmat qilyapti. Bu tamoyil Konstitutsiyamizda qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.  

– Men yangilanishlar, o‘zgarishlar, farovon hayot tarafdoriman. O‘zbekiston Respublikasi Yangi Konstitutsiyasini o‘qir ekanman, uning tub mazmun-mohiyati bilan tanishib, inson qadri va sha’ni ulug‘lanayotganidan, yanada yuksalayotgan davlat qurilayotganidan, ayniqsa, ijtimoiy davlat shakllanayotganidan behad xursandman. Men bugungi kunim, kelajagim uchun, farzandlarimning kamoli, baxtu iqboli, ta’lim-tarbiyasi uchun befarq emasman. Konstitutsiyamizda ta’lim-tarbiyaga oid yangi moddalarning kiritilganligi meni befarq qoldirmadi. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimidagi yangicha islohotlarning yangi qiyofalarini ko‘rib behad xursand bo‘ldim, – deydi institut Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Xurshid Qurbonov.  

Tadbirda talabalar ham so‘zga chiqib, Yangilanayotgan konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi hamda tengdoshlarini 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.  

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA