Futbol muxlislari uchun musobaqalarning eng qiziqarlisi, albatta Yevropa chempionlar ligasidir. Chunki bu turnirda har bir jamoaning o‘z ixlosmandlari bor. Ayniqsa, bu yilgi mavsumda yangicha formatda o‘tayotgan mazkur musobaqa o‘zining har turdagi kutilmagan natijalari bilan muxlislarga katta zavq bag‘ishlamoqda.
Chempionlar ligasining 5-turi ham shiddatli bahslarga va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Bu turning markaziy o‘yini “Anfield” stadionida “Liverpul” va “Real Madrid” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. 59 ming 546 muxlis bilan to‘lgan stadionda mezbonlar kuchli raqibni 2:0 hisobida taslim etdi. O‘yindagi gollarga “Liverpul” jamoasi a’zolari Mak Allister va Gakpo mualliflik qildi. Uchrashuvda Kilian Mbappe va Muhammad Salah penaltidan foydalana olmadi.

Shuningdek, mazkur turda “Shturm” – “Jirona” 1:0, “Srvena Zvezda” – “Shtutgart” 5:1, “Aston Villa” – “Yuventus” 0:0, “Monako” – “Benfika” 2:3, “Bolonya” – “Lill” 1:2, “Seltik” – “Bryugge” 1:1, “Dinamo Zagreb” – “Borussiya D” 0:3, “PSV” – “Shaxtyor” 3:2 natijalari qayd etildi.
Shu tariqa, Chempionlar ligasining 5-turi ham yakunlandi. Tur yakunlariga ko‘ra, mazkur musobaqada umuman mag‘lub bo‘lmagan va durang ham qayd etmagan “Liverpul” klubi 15 ochko bilan jadvalda yaqqol peshqadam bo‘lib oldi. Uning ortidan 13 ochko jamg‘argan “Inter” klubi borayotgan bo‘lsa, kuchli uchlikni “Barselona” 12 ochko bilan yakunlab qo‘ydi. Biroq musobaqada to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan “Borussiya D” hisobida ham 12 ochko bor.

Navbatdagi bosqichga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olish ilinjida borayotgan “Atalanta” 11 ochko, “Bayer 04”, “Arsenal” va “Monaka” klublari 10 ochkoni qo‘lga kiritib, 5-8 o‘rinlardan joy oldi. “Aston Villa”, “Sporting”, “Brest” hamda “Lill” klublari hisobida ham 10 ochko mavjud bo‘lib, ular faqatgina gollar nisbatiga ko‘ra keyingi o‘rinlarga taqsimlandi.
Musobaqa davomida 3 g‘alaba va 2 mag‘lubiyat qayd etgan “Bavariya”, “Benfika”, “Atletiko”, “Milan” 9 ochko bilan 13-16 o‘rinlarga joylashgan bo‘lsa, “Manchester Siti”, “PSV”, “Yuventus”, “Seltik” 8 ochko to‘plab, 20 talik jadvalga kirdi. “Feyenoord”, “Bryugge” va “Dinamo Zagreb” klublari esa 7 ochko bilan 21-23 o‘rinlarda bormoqda. Bu mavsumni juda omadsiz o‘tkazayotgan “Real Madrid” jamoasi bor-yo‘g‘i 6 ochko bilan 24-pog‘onadan joy oldi. Madrid klubi ortidan “PSJ”, “Shaxtyor Donetsk”, “Shtutgart” “Sparta Praga” 4 ochko bilan bormoqda.

“Shturm”, “Jirona”, “Srvena Zvezda” hamda “Zalsburg” o‘tgan turlar davomida faqatgina bir marotaba g‘alaba qozondi va bunga mos ravishda 29-32-o‘ringa joylashgan bo‘lsa, bir ochkoga ega bo‘lgan “Bolonya” 33-pog‘onadan o‘rin oldi. Turnir mobaynida 5 ta uchrashuvda ham yengilgan “RB Leypsig”, “Slovan Bratislava” va “Yang Boyz” klublari ochkosiz eng quyi pog‘onada 6-turga qadam qo‘ydi.

10 dekabr kuni Chempionlar ligasining 6-turi doirasida “Jirona” – “Liverpul”, “Dinamo Zagreb” – “Seltik”, “Bayer” – “Inter”, “Shaxtyor Donetsk” – “Bavariya”, “RB Leypsig” – “Aston Villa”, “Atalanta” – “Real Madrid”, “Zalsburg” – “PSJ”, “Bryugge” – “Sporting”, “Brest” – “PSV Eyndxoven”, 11 dekabr kuni esa “Atletiko Madrid” – “Slovan Br”, “Lill” – “Shturm”, “Yuventus” – “Manchester Siti”, “Borussiya D” – “Barselona”, “Benfika” – “Bolonya”, “Arsenal” – “Monako”, “Milan” – “Srvena Zvezda”, “Feyenoord” – “Sparta Praga”, “Shtutgart” – “Yang Boyz” klublari o‘rtasidagi o‘yinlarga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA