Londondagi «Uembli» stadionida Yevropa chempionlar ligasining so‘nggi hal qiluvchi final bahsida Madrid shahrining «Real» jamoasi Dortmundning «Borussiya» klubiga qarshi maydonga tushdi. Shubhasizki, ushbu o‘yinni milliardlab futbol muxlislari kuzatdi.
Avvalo, Chempionlar ligasi doirasidagi bu ikki jamoaning o‘zaro o‘yinlar tarixiga va final bosqichiga qadar qayd etgan natijalariga nazar tashlasak:
«Real» va «Borussiya» klublarining o‘zaro 14 marotaba «CHL» doirasida o‘yin o‘tkazgan va ularda Madrid shahri jamoasi 6 marotaba g‘alaba qozongan va 3 marta mag‘lub bo‘lgan. Qolgan 5 o‘yin durang bilan o‘z yakuniga yetgan.

Ushbu klublar o‘rtasidagi ilk o‘yin 1998 yili Chempionlar ligasining yarim finalida bo‘lib o‘tgan va unda «Real» 2:0 hisobida zafar quchgan. So‘nggi o‘yin 2017 yilning dekabr oyida mazkur musobaqaning guruh bosqichida o‘tkazilgan. Unda «Qirollik» klubi 3:2 hisobida g‘alabani ilib ketgan.
Endi esa 2023/2024 yilgi Chempionlar ligasida mazkur klublar bosib o‘tgan yo‘l haqida to‘xtalib o‘tamiz.
«Real» musobaqaning dastlabki bosqichida «S» guruhida «Napoli», «Braga» va «Union» jamoalari bilan raqobatlashdi va 6 o‘yinda yuz foizlik natija, 18 ochko jamg‘arib nimchorak finalga yo‘l oldi. So‘ngra, 1/8 finalda «Rp Leypsig»ni, chorak finalda «Manchester Siti»ni va yarim finalda «Bavariya»ni taslim qilgan holda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

«Borussiya» esa «F» guruhida «PSJ», «Milan» va «Nyukasl» kabi kuchli klublar bilan o‘yin o‘tkazib, 3 ta g‘alaba, ikki durang va bir mag‘lubiyat bilan 11 ochko to‘pladi hamda «o‘lim» guruhidan birinchi o‘rinni egalladi. Dortmund shahri jamoasi pley-offda «PSV»ni, 1/4 finalida «Atletiko Madrid»ni, 1/2 final bosqichida esa «PSJ»ni dog‘da qoldirib so‘nggi bosqichga chiqdi.
London shahrida o‘tkazilgan finalda «Real» Chempionlar ligasining 15-sovriniga ega chiqish uchun o‘ynaydi. «Borussiya» esa mazkur sovrinni ikkinchi bora o‘z uyiga olib ketishga harakat qildi.
Bu jamoalar o‘rtasidagi finalning birinchi bo‘limida «Borussiya» bir qator xavfli hujumlar uyushtirdi. Ushbu vaziyatlarni «Real» darvozaboni Tibo Kurtua va himoyachi Dani Karvaxal yo‘qqa chiqargan bo‘lsa, bitta holatda Madrid jamoasini darvoza ustuni qutqarib qoldi. Garchi «Borussiya» hujumda faol bo‘lsa-da, ammo hisobni ocha olmadi va ilk taym 0:0 hisobida o‘z yakuniga yetdi.

Ikkinchi bo‘lim avvalida Toni Kroos raqib darvozasi tomon belgilangan jarima to‘pini chiroyli tarzda bajardi, biroq «Borussiya» posboni Gregor Kobel qaytarib yubordi. Bo‘limning 74-daqiqasida Toni Kross burchak to‘pini amalga oshirdi. Dani Karvaxal esa bu vaziyatdan unumli foydalanib, topni boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. Bu goldan noqulay vaziyatga tushib qolgan «Borussiya» o‘yin tizgini qo‘ldan boy berdi. Buning samarasida «Real» hujumga yanada zo‘r berdi. Bahsning 83-daqiqasida Bellingem himoyachilar xatosidan unumli foydalandi va Vinitsiusga qulay tarzda to‘pni uzatdi va mahoratli hujumchi bu holatni golga aylantirib, hisobni ikkitaga oshirib qo‘ydi.
Shu tariqa, «Real» 2:0 hisobida zafar quchdi va Yevropa chempionlar ligasining 15 karra g‘olibiga aylandi va musobaqa reglamentiga ko‘ra, musobaqa maxsus kubogining asl nusxasini Madridga olib ketadigan bo‘ldi.
Darvoqe, birinchi golga assistentlik qilgan Toni Kroos «Real Madrid» safidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA