Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Reaktiv energiyaga ustama uchun QQS to‘lanishi sudda ham o‘z isbotini topdi
19:25 / 2021-06-26

Ma’lumki, shu kungacha Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida reaktiv energiyaga ustama uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanishi borasida bir qator noaniqliklar mavjud edi.

Mazkur noaniqlikning sababi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan reaktiv energiyani realizatsiya qilishdan olinadigan daromaddan QQS hisoblanmasdan va to‘lanmasdan kelinayotgani edi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, mazkur jamiyat tarkibiga kiruvchi elektr stansiyalar (IES va GES) tomonidan o‘tgan 2016 — 2020 yillar davomida jami 50,9 mlrd.kVAr.soat 852,7 mlrd. so‘mlik reaktiv energiya ishlab chiqarilgan va tarmoqqa uzatilgan.

Davlat soliq xizmati organlari, xususan, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi Soliq kodeksining 45- va 238-moddalariga asoslangan holda elektr energiya — tovarlar, deb e’tirof etilib, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQS soliq solish ob’ekti hisoblanishini ta’kidlab kelmoqda.

Davlat soliq xizmati organlari hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ o‘rtasidagi noaniqlikka sud nuqta qo‘ydi. Ya’ni, Xorazm va Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonaci bilan bo‘lgan navbatdagi sud jarayonining apellyatsiya instansiyasida ham Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi pozitsiyasi qonuniy va to‘g‘ri deb topildi. Shuningdek, Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan bo‘lgan sudning birinchi instansiyasi yakunida ham xuddi shunday qaror qabul qilindi.

HETKning pozitsiyasini quvvatlagan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi OTMlar o‘z xulosalarini suddan inobatga olmaslikni so‘rashdi. Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Farg‘ona politexnika instituti vakillari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari muhokamadagi masala yuzasidan qonun va normativ hujjatlar bo‘yicha yondashish yoki vakolatli tashkilotlardan tegishli xulosalar olish maqsadga muvofiqligini ta’kidlab, OTM vakillari tomonidan avval berilgan xulosani yuridik kuchga ega emas, deb hisoblanishini so‘rashgan.

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 14 ta HETK tomonidan jami 38,5 mlrd.kVar soat 585,4 mlrd. so‘mlik (2016 yilda — 72,1 mlrd., 2017 yilda — 86,9 mlrd., 2018 yilda — 94,6 mlrd., 2019 yilda — 174,4 mlrd., 2020 yil 9 oyida — 157,3 mlrd.so‘m) reaktiv energiya shartnomalar asosida realizatsiya qilinganligi va 109,2 mlrd. so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i byudjetga to‘lanmasdan qolganligi ma’lum bo‘ldi.

Yakunda Davlat soliq xizmat organlari mavjud qonunlardan kelib chiqqan holda faoliyat olib borishini alohida ta’kidlashni istardik. O‘z navbatida, soliq to‘lovchilardan ham amaldagi qonuniy tartiblarga rioya qilgan holda soliq va yig‘imlarni o‘z muddatida amalga oshirishlarini so‘raymiz.  

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi Matbuot xizmati