Mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi takomillashuvi borgan sari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bunda olib borilayotgan tizimli yondashuvlar o‘z samarasini ham berayotgani kishini quvontiradi. Qolaversa, ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar malakasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xalqaro hamkorliklar esa muhim tajriba maydoni vazifasini o‘tab kelmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov va Yaponiyaning “Kitahara International Hospital” muassasasi rahbari doktor Shigemi Kitaxara o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Yaponiya ilg‘or texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi parvarishlash va reabilitatsiya markazlarini rivojlantirish, shuningdek Yaponiyada qo‘llanilayotgan metodika va amaliyotlar asosida mahalliy mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirish, sohaga Yaponiyaning innovatsion tajribasini tatbiq etish, mutaxassislar uchun o‘quv-amaliy dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda reabilitatsiya xizmatlarini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish borasida kelishib oldi.
Shuningdek, mamlakatimizda reabilitatsiya tizimini takomillashtirishda zamonaviy, ilmiy asoslangan yondashuvlarni joriy etish ustuvor vazifa ekani ta’kidlab o‘tildi.
Sherbek Islomov,
O‘zA