Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot sifatini oshirish va jamiyatga to‘liq integratsiyasini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda reabilitatsiya xizmatlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni uyg‘unlashtirgan holda ko‘rsatish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutasaddilarining Qashqadaryo viloyatiga xizmat safari doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi”ning yangi barpo etilgan 96 o‘rinli zamonaviy kompleks binosi foydalanishga topshirildi.

Ushbu markaz mamlakatimizda ijtimoiy himoya va reabilitatsiya sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning amaliy natijasi bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Markazda fuqarolarning sog‘lig‘ini tiklash, hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan kompleks xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.

Markaz 60 turga yaqin 180 ta zamonaviy tibbiy uskuna bilan jihozlangan. Xususan, mamlakatimizda yagona hisoblangan Alter-G, limfadrenaj, membranali gidromassaj, TMS, EEG, rentgen, EKG, osma relslar, ultratovush diagnostika hamda barcha turdagi laboratoriya tekshiruvlari joriy etilgan. Shuningdek, Bobat usulida davolash, manual terapiya, kinezioterapiya, sensor relaksatsiya, logoped va psixologik xizmatlar ham ko‘rsatilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, bugun reabilitatsiya xizmatlari faqat tibbiy muolajalar bilan cheklanib qolmay, tibbiy bo‘lmagan ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarini ham qamrab olmoqda. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini tiklash, ijtimoiylashuvi, jamiyatga moslashuvi va mustaqil hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xizmatlar kompleks tarzda amalga oshirilmoqda.


Mazkur yondashuv nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilib, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining yana bir amaliy ifodasidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA