Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ravshan Rayimjonov: «Vatanni obod qilish barchamizning burchimiz»
16:12 / 2022-06-05

O‘zbekiston go‘zal tabiatga ega mamlakat, yoz fasli kirib kelishi bilan mavsumiy eko-turizm faollashadi. Aholimiz tog‘larga, suv bo‘ylariga, bir so‘z bilan aytganda, tabiat qo‘yiniga dam olishga chiqishadi. Ammo eko-madaniyatga ega bo‘lmagan yurtdoshlarimiz ham borligi odamning ta’bini xira qiladi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetining ko‘ngilli talabalari va fakultet dekani Ravshan Rayimjonov tabiat qo‘ynidagi chiqindilarni yig‘ish aksiyasini o‘tkazish maqsadida Toshkent viloyatining Humson tog‘ bag‘irlariga borishdi.

«Maqsadimiz yurtdoshlarimizga eko-madaniyat qanday bo‘lishini ko‘rsatib berish va ular arzimas deb hisoblab, tashlab ketgan chiqindilari yig‘ilib qay ko‘rinishga kelganini ko‘rsatishdir. Vatanni obod qilish barchamizning burchimiz. Ona tabiatimizni asrang», - deydi Ravshan Rayimjonov.

Inson qadami kam yetadigan joylarda bir martalik tarelkalar, suv idishlari, poliyetilin paketlar, spirtli ichimliklar idishlari, hatto bolalar tagliklarigacha chiqindilarni uchratishingiz mumkin edi. Aksiya ishtirokchilari baholiqudrat ona tabiatni chiqindilardan tozalashga harakat qilishdi.

Xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shgan talabalardan biri facebook sahifasiga shunday yozdi: «Shahar markazidagi shinam ofisda galstuk taqib, oqsuyaklarcha gapirib yurish yoki jamoat orasida o‘zini aristokratlarday tutish insonning asl ko‘rinishini belgilab berolmaydi, afsuski. Daryo bo‘yi va tog‘ so‘qmoqlaridagi chiqindilar Toshkent shahri ko‘chalaridan kam emas. Go‘zal tabiat barchamizniki, shunday ekan hech bo‘lmasa, tabiat qo‘yniga chiqqanda o‘ziningizning chiqindingizni qoldirib ketmang. Bu nafaqat o‘zingizning «farosatingiz»ni ko‘rsatadi, balki jamiat mulkiga xoin emasligingizni ko‘rsatadi. Axlat tashlamang, xoin bo‘lmang».

Ravshan Rayimjonov va fakultet talabalari bundan so‘ng ham shunday xayrli aksiyalarni davomiy tarzda o‘tkazishga kelishib oldilar.

Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan 

aloqalar fakulteti dekan o‘rinbosari Nigora Usmonova