Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ravon yo‘llardan obod manzillar sari
13:04 / 2023-12-12

Yurtimizda zamonaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, jahon talablariga javob bera oladigan yangi yo‘llar qurish, kompleks rekonstruksiya qilish va ta’mirlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Sirdaryo viloyati hududidan jami 1450 kilometr avtomobil yo‘llari o‘tgan. Shundan 259 kilometri xalqaro, 505 kilometri davlat, 686 kilometri mahalliy ahamiyatga molik yo‘llardir. Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining 2023 yil 20 iyundagi “Viloyatdagi mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy va aholi turmush sharoitini yaxshilashda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni jadallashtirish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan jami 272,5 kilometr avtomobil yo‘llarda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur dastur doirasida Sirdaryo viloyatining 9 ta tuman va shaharlaridagi 79 ta mahallalar hududidan o‘tgan umumfoydalanuvdagi jami 272,5 kilometr masofada qurilish va ta’mirlash ishlari olib borildi.  

Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal islohotlarning eng ustuvorlaridan biri chekka-chekka hududlarda joriy qilinayotgan “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari bo‘lib, mazkur loyiha, avvalambor, xalqimiz turmush darajasini yaxshilashga qaratilgani bilan dolzarb va ahamiyatlidir. Yaqin 2-3 oy ichida Sirdaryo viloyatidagi 5 ta mahalla shahar qiyofasiga mos tarzda o‘zgardi. Ayniqsa, Boyovut tumanidagi “Tinchlik”, Guliston tumanidagi “Inoqlik”, Xovos tumanidagi “Oqchangal”, Oqoltin tumanidagi “Mustaqillik”, Sayxunobod tumanidagi “Yangi hayot” mahallalarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.  

– Qirq besh yildan buyon “Mustaqillik” mahallasida istiqomat qilaman, – deydi Abdumannop Egamov. – Bu yo‘llarimiz oxirgi marta asfalt qilinganini hatto eslay olmayman. Bizning mahallamizda ham shunday yaxshi o‘zgarishlar bo‘layotganidan xursandman. Yo‘llar xalqimizni obod manzillar sari eltuvchi, aholining og‘irini yengil qiluvchi jamoatchilikning eng serqatnov makonidir. Ayniqsa, bu nurli manzillarning ravonligi insonlarning manzil-makonini yaqin qilishda, aholiga yorqin kayfiyat ulashishda bebaho hissadir.  

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA muxbiri