Har bir mamlakat taraqqiyotini baholashda yo‘llar sifati muhim o‘rin tutadi. Avtomobil yo‘llari nafaqat transport vositalarining harakati uchun, balki iqtisodiy, ijtimoiy va turizm sohalari rivoji uchun ham katta ahamiyatga ega. Shu sababli, yo‘llar sifati nafaqat shaharlarda, balki qishloq joylarida ham yuqori darajada bo‘lishi kerak.
Xo‘sh, bugun hududlarda yo‘llar sifatini yaxshilash bo‘yicha qanday amaliy ishlar qilinmoqda? Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva bu borada quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi:
– Jizzax viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tarkibidagi Zomin TYFDMga qarashli D052 “Jizzax-Zomin” avtomobil yo‘lining 28, 33, 45, 50-km qismlari sel yo‘li bo‘lib, tabiiy ofat tufayli yo‘l yopilish holatlari tez-tez uchrab turadi.
Yurtimizda yog‘ib o‘tgan yomg‘ir natijasida hosil bo‘lgan sel oqimi mazkur yo‘lning 28–29-kilometrlari oralig‘ini tosh shag‘al uyumlari bilan to‘sib qo‘ydi. Zomin TYFDMning 10 ta samosval, 2 ta greyder, 2 ta yuk ortish texnikasi va 40 nafar ishchi kuchidan iborat maxsus guruhi zudlik bilan ishga kirishdi va yo‘lni tozalab, avtotransport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga erishdi.

Paxtakor TYFDM 150-yo‘l bo‘limi ishchi-xodimlari maxsus texnikalar yordamida D047 “Jizzax sh. (4r 38 avtoyo‘li) Paxtakor sh.–Do‘stlik sh.–Gagarin sh.–M39 avtoyo‘li (918 km)” avtomobil yo‘lining 37–38-km qismlarida ta’mirlash ishlarini olib bormoqda. Yo‘lning ushbu qismida cho‘kish tufayli yuzaga kelgan notekisliklar to‘g‘rilanib, yo‘lning yuk ko‘tarish qobiliyati 10 tonnadan 13 tonnaga oshirilmoqda. Buning uchun jami 18 ta maxsus texnika, 20 nafar ishchi kuchi va yordamchi texnikalar jalb qilingan.
Navoiy viloyatidagi ichki yo‘llarda qurilish ishlari davom etmoqda. “Navoiy mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi buyurtmachiligida G‘ozg‘on shahrining Shayxon mahallasida joylashgan “Shohimardon” tarixiy obidasiga olib boruvchi ichki xo‘jalik yo‘llarida asfalt-beton qoplamasini yotqizish va piyodalar yo‘laklarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlar tarixiy obidaga olib boruvchi infratuzilmani yaxshilash, aholiga qulayliklar yaratish hamda sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

“Tashabbusli byudjet” dasturining 2025 yil 1-mavsumi doirasida Taxiatosh tumani Jayxun mahallasi hududidagi “Qoraqalpog‘istonning 50 yilligi” ko‘chasining 2 kilometr qismini asfaltlash loyihasi eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgan edi. Bugungi kunda Taxiatosh TYFDM tomonidan ushbu ko‘chaning eski qoplamasi yo‘l frezasi yordamida qirib olinib, yangi qoplama yotqizish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish, shuningdek, barcha piyodalarning xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlash maqsadida Nukus shahrining To‘lepbergen Qayipbergenov ko‘chasida 2 kilometr 200 metr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi ta’mirlanmoqda. Qurilish ishlari “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hududiy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi buyurtmasiga asosan “Kattagar Nukus qurilish” MCHJ tomonidan sifatli va qulay tarzda amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida ikkita yangi ko‘prik ishga tushdi. Qayd etilishicha, Oqmachit mahallasi Dehqonobod tumani markazidan 30 km uzoqlikda joylashgan. Qoluvdor qishlog‘i esa o‘sha mahallaga qaraydi. Hudud aholisining uzoq yillik orzulari ushaldi. Aniqroq aytganda, mahalliy aholini yillar davomida qiynagan soydan o‘tish muammosi bartaraf etildi. Tashabbuskor tadbirkorning homiyligi asosida ikkita ko‘prik qurildi. Endilikda mazkur yangi ikkita ko‘prik odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilmoqda. Ko‘priklarning qurilib, foydalanishga topshirilishi hudud aholisini behad mumnun etdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA