Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ravon yo‘llar obod manzillarga eltadi
13:20 / 2014-11-05

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishi sifatida yo‘l va ko‘priklar qurish, yo‘l bo‘yida zamonaviy infratuzilma tizimlari barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishi sifatida yo‘l va ko‘priklar qurish, yo‘l bo‘yida zamonaviy infratuzilma tizimlari barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2010-yil 21-dekabrda qabul qilingan “2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish borasida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur hujjat yurtimizning barcha hududlaridagi avtomobil yo‘llarini sement-beton va asfalt-beton qoplamalaridan foydalangan holda to‘rt polosali etib qurish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va tiklash, eng muhimi, bu sohaning boshqa transport tarmoqlari rivojiga mutanosibligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Farg‘ona viloyatida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 163,8 kilometr xo‘jaliklararo va qishloq posyolkalarida ichki yo‘llar ta’mirlanib, qayta tiklandi. Bu ishlar uchun 11,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Farg‘ona tumanida joriy yilning o‘tgan davrida 34,1 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Buning uchun 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Chegara hududlarda joylashgan mahallalardagi 35 ko‘chaning ichki yo‘llariga ham asfalt yotqizildi.

“Chimyon”, “Log‘on”, “Mindon” qishloq fuqarolar yig‘inlaridagi Ulug‘bek, Salovot, Uchtut, Yangi gulpiyon, Qal’acha, Sharq haqiqati, Madadkor, Bog‘bon ko‘chalarining ichki yo‘llari sifatli ta’mirdan chiqarildi. Bu ishlarda Farg‘ona tumani yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’mirlash-foydalanish korxonasining xizmati katta.

“Vodil” qishloq fuqarolar yig‘ini o‘zining mohir hunarmand ustalari, tadbirkoru mirishkor bog‘bonlari bilan butun viloyatga tanilgan. O‘tgan yillar davomida bu maskan yanada chiroy ochdi. Zamonaviy xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, kasb-hunar kolleji, sport majmuasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Keng va ravon yo‘llar barpo etilganidan aholi juda mamnun.

Bu yil qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Navbahor, Mustaqillik, Aylana, Yambaroq, Do‘stlik ko‘chalarida yangi yo‘llar bunyod etildi.

– Qishlog‘imiz yo‘llari ta’mirtalab bo‘lib, qor-yomg‘irli kunlarda haydovchi va yo‘lovchilar uchun ko‘p qiyinchilik tug‘dirar edi, – deydi Vodil qishlog‘ida yashovchi Akromjon Dadajonov. – Ilgari qishloqdan o‘tadigan bittagina avtobusga ulgurib, bir oyoqda bo‘lsa-da, manzilga yetib olsak, bizdan xursand odam bo‘lmasdi. Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati samarasida shaharnikidan qolishmaydigan keng va ravon yo‘llar barpo etildi. Sodda qilib aytganda, uzog‘imiz yaqin, mushkulimiz oson bo‘ldi. Bu qishloq odamlarini yanada ko‘proq mehnat qilishga ruhlantirish bilan birga, ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.