Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rauf Parfi: "Shamol, sochlarimni tarama, Oqarsa oqarsin azobdan"
15:21 / 2023-09-27

Rauf Parfi she’riyatining asosiy mavzulari, bu – shaxs erki va Vatan mustaqilligi, Turk dunyosining birligidir. Bu XX asr shaxs shuurini, keskin fojialar dramatizmini ifodalashga jazm etgan jasoratli she’riyatdir.

Rauf Parfi 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onasi Parfi Muhammad Amin va Sakina Isabek qizi mustabid tuzum davrida ona yurti Farg‘onaning Vodil hududidan quvg‘in qilingan edi.

Bo‘lajak shoir boshlang‘ich va o‘rta ta’limni “Sharq yulduzi”, Sho‘ralisoy, Yangiyo‘l shahridagi Alisher Navoiy nomidagi maktablarda oldi. 1960-1965 yillarda shoir Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)da tahsil oldi. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, “Yozuvchi” nashriyotlari, turli gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatdi.

Uning “Karvon yo‘li” nomli birinchi kitobi 1968 yilda nashr etildi. Shundan so‘ng “Aks sado”, “Tasvir”, “Xotirot”, “Ko‘zlar”, “Qaytish”, “Sabr daraxti”, “Sukunat”, “Tavba” kabi she’riy majmualari e’lon qilindi.

Rauf Parfining “Vatan haqida Bernd Ietshga maktubim”, “Tangri sog‘inchi”, “Sunbula”, “Qora devor”, “Abdurauf Fitrat” (1995) asarlarini olasizmi, Vetnam urushi haqidagi she’rlarinimi, tanka, xokku ‒ uchliklarimi, ularning barchasida adolatsizlikka, haqsizlikka nisbatan nafrat, g‘azab tuyg‘ulari limmo-limdir.

Rauf Parfi K.Kaladzening “Dengiz xayoli”, Bayronning “Manfred”, A.Salamatning “Oltin bolta”, I.Noneshvilining “Shiddat”, A.Dyumaning “Uch sarboz”, N.Hikmatning “Inson manzaralari”, A.Tvardovskiyning “Zaytun novdasi”, “Xotira huquqi”, “Uyg‘ur shoirlari”, “Ozod inson qo‘shig‘i”, U.Saroyanning “Hoy, kim bor?" asarlarini hamda B.Brext, P.Neruda, G.Emin, O. Vatsiyetis kabi qardosh va jahon adabiyoti namoyandalari ijodidan namunalarni tarjima qildi.

Shoirga “Sabr daraxti” to‘plami uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi yillik mukofoti berildi. 1992 yilda Xalqaro Mahmud Qoshg‘ariy mukofoti bilan taqdirlandi. Turkiyada Diyonat Vaqfi tomonidan o‘tkaziladigan turkiy zabon shoirlar tanlovida g‘olib bo‘ldi. Vafotidan so‘ng “Sakina”, “Turkiston yodi” singari saylanmalari bosilib chiqdi. 

Rauf Parfi she’riyatimiz rivojiga, qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlangan.  

Men o‘tkinchi, men faqat mehmon, 

Dargohingda, ey turkiy tilim 

Menga bir she’r kerak ey, mezbon, 

Yozilmagan she’r erur dilim. 

Aytgil nechun bunchalar qiziq, 

Eski jahon, bu eski jahon. 

Bir she’r kerak non kabi issiq. 

Menga bir she’r kerak, ey mezbon. 

Men g‘aribman va sen beomon, 

Sen Quyoshsan, men so‘ngan chiroq. 

Qiynamagil meni, onajon. 

Sen – abadiy, men – lahza, biroq 

Itoat et menga shul zamon, 

Yo aylagil telbani tuproq. 

* * * 

Shamol, sochlarimni tarama, 

Oqarsa oqarsin azobdan. 

Qismat, hayron bo‘lib qarama, 

Axir ayirmading qahru g‘azabdan. 

Ketmakdaman endi. Tongotar. 

Alvido, ey Turon diyori, 

Ketmakdaman axir birodar, 

Dunyo qolar, dunyo g‘ubori. 

Oldinda ko‘rinar bahorlar, 

Bu – Turkiy dunyoning bahori, 

Pichoqlar bo‘g‘zimga yetganda, 

Qaltirab to‘kmasman yoshimni, 

Hech narsa yo‘q mening yelkamda, 

Men senga baxsh etdim boshimni. 

A.RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA