Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, akademik, professor, rassom Baxtiyor Nazarov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan «Tanlangan yo‘l» nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda taniqli rassomlar, Baxtiyor Nazarovning yaqin do‘stlari, shogirdlari so‘z oldi. Ijodkorning mazmunli hayot yo‘li, faolligi va tashabbuskorligi haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ko‘rgazmada rassomning 100 ga yaqin rangtasvir asari hamda kinolarga ishlangan eskizlari, qoralamalari namoyish etildi.
– Bosib o‘tgan umrimning barini san’atga bag‘ishladim, –deydi rassom Baxtiyor Nazarov. –Bundan afsus chekmayman. Rizqimiz shuning ortidan ekan. Nomimiz ijod ortidan tanildi. Qolaversa, san’atda maqtashga, eslashga arzigulik ishlar qildik. Yaxshi rassom bo‘lish uchun avvalo iste’dod, so‘ng esa katta sabr kerak. Yosh rassomlarga sabr bilan sohani o‘rgan, iste’doding yillar davomida ko‘zga ko‘rinaveradi, deyman. Shogirdlarim orasida bugun taniqli rassomlar, san’atshunoslar va xalq rassomlari bor. Rassomlik rasm chizib, uni pullash degani emas, san’at asari yaratish kerak. Kishilarga estetik zavq berish, tarixni suratlarda aks ettirish, avlodlarga nimadir qoldirishdek mas’uliyatli va savobli ishdir. Mana shu yukni his qilgan inson chinakam ijodkor sanaladi.
Ushbu ko‘rgazmani shartli ravishda qismlarga ajratish mumkin. Ular: tarixiy shaxslar portreti, ayollar qiyofasi, ijodiy safarlarda yaratilgan obraz va kompozitsiyalar, kinematografiyaga taalluqli asarlar va eskizlardan tarkib topgan.
Tarixiy portretlar orasida asosan Bobur va boburiylar sulolasiga mansub shaxslar va shoira ayollar Nodirabegim va Zebiniso, shuningdek, jasoratli To‘marisni ko‘rishingiz mumkin. Ijodkorning shoh asarlaridan biri bo‘lgan xalq sevgan, betakror aktrisa Lutfixonim Sarimsoqova portreti ayolning haqiqiy madhiyasiga aylangan. Rassom Hindiston, Xitoy, Yaponiya singari davlatlarda bo‘lib, samarali ijod qilgan. Bunda ham sevimli obrazi ayollarga e’tiborini ko‘proq qaratgan.
Rassomning kino san’atiga baxsh etgan umri alohida bir sahifa, o‘zga bir tabiatni kashf etadi. «Shum bola» va «Mashrab» singari mashhur kinofilmlarga ishlangan ishlar va eskizlar oradan necha yillar o‘tib, yana tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida Baxtiyor Nazarov 1942 yilda Namangan viloyati, Nanay qishlog‘ida tavallud topgan. 1965 yilda P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan. 1965-1971 yillarda Butunittifoq Davlat kinematografiya institutida Kino rassomi bo‘limida tahsil olgan. 1971 yildan buyon «O‘zbekfilm» kinostudiyasida postanovkachi rassom bo‘lib ishlab kelmoqda. 1976 yilda u O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zo bo‘lgan. 1997 yil O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi.
D.Mamatova, O‘zA