O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limida 52 nafar rassom birikib faoliyat ko‘rsatadi.
Ular mo‘yqalam tebratib jonajon Vatanimizning go‘zal manzaralari, tarixiy shaxslar, hayotiy ko‘rinishlarni o‘ziga xos tarzda ifoda etadilar. Quvonchli tomoni shundaki, yoshlar orasidan ularning o‘nlab izdoshlari chiqyapti.
Kulolchilikda badiiy chizgilar alohida san’at va mavzudir. Viloyatda, ayniqsa, Rishtonda usta kulol rassomlar maktabi yaratildi. Ular kamalakrang chizgilarni buyoq va igna bilan sopolda aks ettirib, o‘lmas asarlar yaratishmoqda.
Bugun Farg‘onaga O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari – rassomlar kelishdi. Maqsad, avvalo, o‘zaro tajriba almashish, qolaversa, rangtasvir hamda kulolchilik muammolari haqida fikrlashish edi.
– Badiiy ijodda qobiliyatning o‘zi yetarli emas, – deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi Lyubov Semirzorova. – Ilhomlantiruvchi muhit va sharoit kerak. Farg‘onada bularning hammasi bor. Rassomlarimiz Rossiya, Yevropa va hatto Amerika ko‘rgazmalarida ham ishtirok etishmoqda. Alisher Hamidov, Otabek Shokirov, Malika Boltayeva kabi rassomlarni xorijda ham tanishadi.
Farg‘ona davlat universitetida tasviriy san’at mutaxassislarini tayyorlovchi alohida yo‘nalish ochilgan.
[gallery-23856]
– Tasviriy san’at kafedrasining 3 ta yo‘nalishi bor, – deydi o‘qituvchi Ahadjon A’zamjonov. – Ular muhandislik grafikasi, dastgohli rangtasvir va badiiy kulolchilikdir. Bu yo‘nalishlar talabalari amaliyotlarda tabiatga, tog‘larga chiqishadi. Kelgusida dastgohlik rangtasvir talabalari professional rassom bo‘lishadi. Hozirgi kunda ularning soni 300 nafardan ortdi.
Rassomlarning ijodiy muloqoti Rishton, Marg‘ilon va Qo‘qondagi taniqli ijodkorlar ustaxonalarida davom etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/21o3cj1enX8" title="Rassomlar tajriba almashdilar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat, video), O‘zA