“Tabiat va rassom” an’anaviy respublika ko‘rgazmasi Badiiy akademiyaning eng qiziqarli, zavqli ma’rifiy loyihalaridan sanaladi. Unda musavvirlarning ona-tabiatga munosabati betakror san’at asarlari orqali muxlislar e’tiboriga havola etiladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida XXXVIII an’anaviy “Rassom va tabiat” respublika badiiy ko‘rgazmasi ochildi.
Badiiy akademiya raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov milliy tasviriy va amaliy san’atimiz ravnaqi keyingi yillar davomida mutlaqo yangicha rivojlanish bosqichiga chiqqanini ta’kidladi. Jumladan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ta’lim jarayonlari takomillashtirildi. Yosh rassomlarning ijodiy mahoratini oshirish bo‘yicha keng imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish uchun alohida dastur qabul qilish, Markaziy ko‘rgazmalar zalini jahon andozalari darajasida kapital ta’mirlash, zamonaviy galereya qurish, 40 ta rassomlar ustaxonasidan iborat bo‘lgan zamonaviy rassomlar markazini tashkil etish, ijodkorlarning xorijga safarlariga kengroq imkon yaratish, hunarmandlik va xattotlikni rivojlantirish bo‘yicha milliy qog‘oz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning istiqbollari belgilandi.
“Tabiat va rassom” ko‘rgazmasida an’anaga ko‘ra, rangtasvirchi va grafik rassomlar tabiat manzaralari aks ettirilgan o‘z asarlarini tomoshabinlarga namoyish etadilar. Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi plener, orqali ochiq osmon ostida, tabiat qo‘ynida rasmlar ishlashdan iborat edi.
O‘zbekistonda suvsiz cho‘llardan to qorli tog‘largacha, sayoz soydan to Ugamning mavjlanayotgan suvlarigacha ko‘plab ajoyib maskanlar mavjud. Mamlakatimizning tabiiy xilma-xilligi ijodkorlar uchun ko‘p qirrali uslubiy tajribalarining manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu vernisajda Xurshid Ziyoxonov, Muhammadiyor Toshmurodov, Aleksandr Ponomaryov, Valeriy Yenin, Dilorom Mamedova, Vasiliy Xapov, Lyudviga Nesterovich, Hikmat Jalilov, Xurshid Sattorov, Tatyana Li va boshqalar o‘z asarlarini namoyish etmoqda.
Ushbu ijodkorlarning barchalari mazkur ko‘rgazmaning har yilgi ishtirokchilaridir. Ular yil davomida bu ko‘rgazmaga puxta tayyorgarlik ko‘rib, ijodkorlarning kelajak avlodiga o‘rnak bo‘lishga arzigulik asarlari bilan qatnashib kelmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari bo‘lgan 64 nafar ijodkorlarning 120 dan ortiq asarlari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma 2024 yilning 15 yanvariga qadar davom etadi.
N.Usmonova, O‘zA