Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iqtidorli rassom Yigitali Sattorovning “Error 404: Artnot Foundr” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma nomi bejiz tanlanmagan — uni rassomning o‘zi belgilagan. “Error 404: Artnot Foundr” — internetdagi eng mashhur xatolik kodlaridan biri bo‘lib, server so‘ralgan sahifa yoki faylni topa olmaganda paydo bo‘ladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda rassom hayotida ko‘plab “xatoliklar” bo‘lgan, jumladan, shaxsiy munosabatlarda, do‘stlikda va ijodda. Bu hayotiy sinovlar og‘ir zarba bo‘lgan bo‘lsa-da, aynan ular rassomning katta o‘sishiga turtki bo‘lgan. «Men ulardan minnatdorman. Aynan ular meni yaxshiroq qildi», deydi Yigitali Sattorov.
[gallery-26479]
“404 xato” shunchaki yo‘qotish yoki uzilish ramzi emas. Bu yangi yo‘nalish izlash, o‘z-o‘zingizga qayta ulanib olishga urinib ko‘rish ramzi. So‘nggi ikki yil ichida Yigitali Sattorov sezilarli shaxsiy va ijodiy transformatsiyadan o‘tdi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi to‘rt zalni egallab, rassomning yangi asarlari bilan bir qatorda so‘nggi yillardagi muhim ishlari va ilk bor namoyish etilayotgan grafik seriyasini birlashtirdi. Dastlab ayrim obrazlar tajovuzkor yoki keskin ko‘rinishi mumkin, ammo bu faqat tashqi qobiq. Yaqindan qaralsa, ular orqali rassomning o‘ta nozik, sezgir qalbi namoyon bo‘ladi — u atrofidagi dunyoni juda teran his qiladi va unga ta’sir qilayotgan voqealarga chin dildan javob beradi.
Aynan shu sababli “Error 404" ko‘rgazmasi oddiy ekspozitsiya emas — bu rassomning o‘zini qayta topish jarayonini aks ettiruvchi halol vizual kundalikdir. Bu kundalik rangtasvir orqali, xatolar orqali, o‘zgarishga jur’at topish orqali shakllanadi.
Ko‘rgazma 8 dekabrga qadar davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA