Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rassel Biti: O‘zbekiston birja savdolari sohasida ulkan yutuqlarga erishgan
16:12 / 2025-09-10

Chikago tovar birjasi (CME Group)ning Osiyo-tinch okeani mintaqasi bo‘yicha boshqaruvchi direktori Rassel Biti Respublika tovar-xom ashyo birjasiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida birja rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari va jahon tajribasi asosida savdo jarayonlarini takomillashtirish masalalari muhokama etildi. 

Uchrashuv avvalida UZEX boshqaruvi raisi Asadulla Qayumov mehmonga tashrif uchun minnatdorlik izhor etdi. Uning ta’kidlashicha, dunyoning eng yirik tovar birjasi bilan o‘rnatilayotgan hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki mamlakatimizda bozor mexanizmlarini yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.

Muzokaralar davomida jahon birjalari sanoatida kuzatilayotgan so‘nggi tendensiyalar va istiqbollar keng yoritildi. Shuningdek, ikki birja o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, xalqaro tajribani O‘zbekiston amaliyotiga joriy etish, ayniqsa, elektron savdo va derivativlar bozorida zamonaviy yechimlarni tatbiq qilish muhim ahamiyat kasb etadi. 

Rassel Biti O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, jumladan birja savdolari sohasidagi yutuqlarga yuqori baho berdi. Shu bilan birga, u mahalliy mutaxassislar va savdo ishtirokchilari uchun o‘quv dasturlari tashkil etishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

UZEX axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, mamlakatimizda birja savdolarini takomillashtirish va rivojlantirish masalalari yuzasidan muttasil maslahatlashuvlar o‘tkazib borishga kelishib oldi. 

N.Ziyodullayeva,

O‘zA