Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rasmlar dunyosiga sayohat
14:39 / 2025-10-18

Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Hamnafas” ijodiy guruhining “Balans va garmoniya” nomli ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

“Hamnafas” ijodiy guruhi 2023 yilda tashkil topgan bo‘lib, yosh rassom va ijodkorlarni birlashtiruvchi tashabbus sifatida o‘z faoliyati yo‘lida ma’lum maqsad va vazifalarni qo‘ygan.  

Jumladan, O‘zbekiston tasviriy san’ati rivojiga hissa qo‘shish, xalqimizning rangtasvirga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, yetishib kelayotgan yosh rassomlarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishni maqsad qilgan.

Ushbu “Balans va garmoniya” nomli ko‘rgazma guruhning birinchi ko‘rgazmasi hisoblanadi. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan rangtasvir, grafika hamda haykaltaroshlik asarlari turli badiiy qarashlar, materiallar va ifoda uslublari orqali ichki muvozanat, ruhiy barqarorlik hamda inson va olam o‘rtasidagi uyg‘unlikni tarannum etadi.  

[gallery-25780]

Ko‘rgazmada musavvirlar Dilshod Azizov, Karim Umirov, Bobur Vahobjonov, Bolatbek Ilyosov, O‘ktam Isirgapov, Shoira Shodiyeva va Sidiqbek Abdumo‘minovlar o‘z asarlari bilan ishtirok etishdi. Har bir ijodkor o‘zining betakror badiiy tili orqali “balans” tushunchasini talqin etdi – kimdir ranglar uyg‘unligida, kimdir shakl yoki ritm ohangida inson ruhiyatidagi ichki muvozanatni ifodaladi.  

“Balans va garmoniya” – bu faqat ko‘rgazma emas, balki hissiyotlar, harakat va sukunat, ichki va tashqi olam o‘rtasidagi munosabatni izlash sayohati. Tomoshabin bu makonda o‘z ruhiy ritmini tinglash, estetik tinchlikni his etish imkoniga ega bo‘ladi.  

Ko‘rgazma 27 oktyabrga qadar davom etadi.  

Gulnoza Boboyeva,  

Oybek Pardayev (surat),

O‘zA