Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rasmiy munosabat: Kadastr agentligi bazasi o‘z faoliyatida davom etmoqda
17:33 / 2023-12-26

Ijtimoiy tarmoqlarda Kadastr agentligining bazasi bir oydan beri ishlamayapti mazmunidagi xabar tarqaldi.

Kadastr agentligi axborot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu xabar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Xususan, Kadastr agentligi tomonidan barcha eski tizimlardagi ko‘chmas mulklarga oid ma’lumotlarni UZKAD axborot tizimiga o‘tkazish ishlari 7 dekabrdan boshlangan va 19 dekabrda yakuniga yetkazilgan.

Migratsiya jarayoni faqat bir marta dasturga ma’lumotlarni ko‘chirishda vaqt olgan. Hozirda barcha noturar ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘chirib bo‘lingan va tizim ishlamoqda.

Amaldagi tartib bo‘yicha, noturar ko‘chmas mulklar bo‘yicha notarial bitimlar tasdiqlash jarayonida Kadastrga so‘rov yuboradi va javob kelganidan so‘ng, bitim tasdiqlanadi. 

Agar noturar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq ilgari qog‘oz shaklida yoki boshqa axborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, huquq 3 kun ichida UZKAD tizimida davlat ro‘yxatidan qaytadan bepul o‘tkaziladi hamda ma’lumotlar notariusga onlayn yuboriladi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq UZKAD tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, ma’lumotlar real vaqt rejimida taqdim etiladi.

Hozirgi kunda notariuslar tomonidan ilgari UZKAD tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan ko‘chmas mulklar bo‘yicha 2098 ta so‘rov kelib tushgan. Shundan 481 ta ob’ektlar UZKAD tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, so‘rovga javob qaytarilgan.

Parallel ravishda, so‘rov kelib tushmagan ob’ektlarga bo‘lgan huquqlarni ham UZKAD tizimida qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA