_
Joriy yilning 1 may kuni O‘zbekiston Milliy Axborot agentligining saytida “So‘xliklar Prezident qarori ijrosini kutishmoqda” nomli videomaterial e’lon qilingan edi.
So‘x tumanidagi ichimlik suvi muammosi tahlil qilingan mazkur maqola yuzasidan O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga “O‘zsuvta’minot” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari T.Haydarov quyidagicha javob berdi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ 4798-son qarorining topshiriqlari asosida Farg‘ona viloyati So‘x tumani aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Shu kunga qadar “Hushyor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 3 dona ichimlik suvi quduqlariga 1 dona TP-63 kVli transformator punkti qo‘yilib, tarmoqqa ulandi. Mazkur mahallaning ”Adiri bolo” ko‘chasiga nazorat qudug‘i o‘rnatilib, tarmoqlar montaj qilinib, xonadonlarga 18 dona zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatildi.
Shuningdek, “Qaqir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 2 dona yangi nazorat qudug‘i o‘rnatilib, tarmoqlar montaj qilindi. “G‘aznov” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida esa suv minorasini o‘rnatish uchun kotlovan qazilib, beton quyish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, So‘x tumaniga Farg‘ona shahridan 7 dona nazorat qudug‘i (kolodes) olib kelindi, zararsizlantirish binolari uchun metall konstruksiyasi tayyorlanmoqda.
“Rovon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Adolat” ko‘chasiga 108 metr yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
Bugungi kunda topshiriqda belgilangan vazifalarni oxiriga yetkazish uchun ishlar davom ettirilmoqda.