Ma’lumki, Qozog‘istonning qator viloyatlarida zararli chigirtkaning “Italiya prusi” turi bosqini yuz berdi. Bu vaziyat mintaqa aholisini tashvishga soldi.
Bu holat O‘zbekistonda ham yuz beradimi? Bunga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova quyidagicha rasmiy izoh berdi:
“O‘zbekistonga zarar yetkazish ehtimoli kam. Aniqlanishicha, joriy yilning 2 iyul sanasidan boshlab Qozog‘iston Respublikasining Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan Kostanay viloyati Jangeldi, Amangeldi, Altinsari va Denisov tumanlari hududida zararli chigirtkaning “Italiya prusi” turi tarqalgan.
Bugungi kunga qadar Kostanay viloyatining 260 ming gektar hududida – bu esa rejalashtirilgan maydonning 70 foizi degani – zararli chigirtkalarga qarshi ishlov berilib, vaziyat nazoratga olingan. Holat bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan rasmiy ma’lumot berildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Kostanay viloyati O‘zbekistondan 2 000 – 2 200 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bugungi kunda yuqorida qayd etib o‘tilgan zararli chigirtkalar to‘dasi respublikamiz hududiga kirib kelish ehtimoli kam. O‘z navbatida Qozog‘istonning Turkiston viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent viloyatida zararli chigirtkaga qarshi kurash choralari olib borildi. 2023 yil mavsumida chegara hududida 15,6 ming gektar maydonda ishlov berish tadbirlari yakunlangan.
Xavfli vaziyat yuzaga kelishini oldini olish maqsadida esa kuzatuv-nazorat ishlari davom ettirilmoqda” deyiladi rasmiy xabarda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA