French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlarga ipoteka krediti ajratish tartibi va shartlari qanday? (video)
16:24 / 2023-04-20

Joriy yil 13 aprelda “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolandi.

Ushbu hujjat asosida kimlarga subsidiya, ipoteka kreditlari ajratilishi va uning tartibi xususida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ipoteka va uy-joy dasturlarini shakllantirish, sohani rivojlantirish va moliyalashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Nig‘matov bilan suhbatlashdik.

– Suhbatimiz avvalida mazkur hujjat to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bersangiz.

– Ushbu farmon respublikamiz aholisini uy-joy sotib olishda ipoteka krediti bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu hujjat asosida daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga davlat byudjeti tomonidan subsidiya mablag‘lari berish miqdori va asosiy parametrlari tasdiqlangan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etish dasturlarini davom ettirish va massivlarning aniq ro‘yxatini shakllantirish ham ushbu hujjat asosida amalga oshiriladi.

– 2023 yilda qancha miqdorda ipoteka krediti va subsidiya ajratiladi?

–Hujjatga muvofiq, joriy yilda 46 ming 690 ta fuqaroga uy-joy sotib olishlari uchun ipoteka krediti ajratiladi. Bunga jami 10 trillion 700 milliarddan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolarga jami 1 trillion 655 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘lari yo‘naltirilishi nazarda tutilgan.

– O‘tgan yilda qancha fuqaroga uy-joy olish uchun subsidiya ajratilgan? Ularning qanchasi bu imtiyozdan foydalandi?

– Agar dastur ijrosi statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, o‘tgan yilda mazkur yo‘nalishda 43 mingta fuqaroga ipoteka krediti ajratish va ularning 29 mingtasiga subsidiya mablag‘larini belgilash nazarda tutilgan. Shudan 18 mingdan ortiq fuqaro subsidiya imtiyozlaridan foydalangan.

– Bu hujjat bilan qaysi kasb egalariga subsidiya olishda imtiyozlar beriladi?

– Hujjatga yana bir o‘zgartirish kiritildi. Ya’ni, mamlakatimizdagi maxsus fan o‘qituvchilari, maxsus ishlab chiqarish sohasidagi ustalarga imtiyozli shartlar asosida subsidiya taqdim etish belgilangan. Bundan tashqari olis hududlarda shartnoma asosida mehnat qilayotgan ta’lim tizimi, tibbiyot sohasi xodimlariga ham imtiyozli shartlar asosida subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cSoOoGlCYzA" title="Rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlarga ipoteka krediti ajratish tartibi va shartlari qanday?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Yana bir yangilik. Mazkur farmonga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish dasturlari davom ettiriladi. Hozirda mavjud bo‘lgan 38 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida jami 837 ta ko‘p qavatli umumiy hisobda 30 mingdan ortiq kvartiralar barpo etiladi. Bundan tashqari subsidiya taqdim etish muddatiga o‘zgartirish kiritildi. Ya’ni, 2022 yilda subsidiya 12 oy amal qilinar edi. Endilikda bu, 4 oyga qisqartirildi. Fuqarolar tomonidan subsidiyaga ariza topshirilganda ko‘pincha uy hali bitmagan bo‘lar edi yoki pudrat tashkiloti bilan bir kelishuvga kelinmasdi. Natijada subsidiyaning muddati o‘tib ketar edi. Bu cheklangan resurs hisobiga, boshqa uy-joyi bitgan, shartnoma qilgan fuqarolarning subsidiya olishini cheklab qo‘yayotgan edi.

Endilikda subsidiya xabarnomasini olgan fuqaroning pudratchi bilan tuzgan muddati kechiksa, subsidiya xabarnomasi 4 oyda kuyib ketadi. Ammo, fuqarolar bir necha bor ariza topshirish imkoniga ega bo‘ladi. O‘tgan yili subsidiyaga ariza topshirish bir yilda ikki marotaba bo‘lgan bo‘lsa, endi bu cheklanmagan miqdorga o‘zgartirildi. Ya’ni, endi fuqarolarning xabarnomasi kuyib ketadigan bo‘lsa, bundan xavotir olmasligi kerak. Uyi bitgunga qadar subsidiyaga ariza topshirib, xabarnomani ko‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Bu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi davlat byudjetidan subsidiya ajratish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lardan samarali foydalanish va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash.

– Mazkur farmonda rasmiy daromadga ega bo‘lmaganlarga ham ipoteka krediti ajratilishi nazarda tutilgan. Shular to‘g‘risida ham qisqacha ma’lumot bersangiz.

– Shu vaqtga qadar Ipoteka dasturlari asosan rasmiy daromadga ega bo‘lgan fuqarolarni qamrab olgan edi. Bu farmon bilan 2023 yilda rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolarning daromad tushumlarini aniqlashning muqobil variantlari ishlab chiqilmoqda. Bu orqali tijorat banklari ularning to‘lov qobiliyatini baholay oladi. Hozirda bu tartibni joriy etish maqsadida Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, tijorat banklari bilan hamkorlikda mexanizmlar ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda.

– Yandeks taksi haydovchilari ham subsidiya va ipoteka kreditidan foydalana oladimi?

– Darhaqiqat, bu savol bizga ham ko‘p kelib tushyapti. Ushbu farmon bilan rasmiy daromadiga ega bo‘lmagan fuqarolarning daromadini aniqlashning muqobil varianti sifatida Yandeks taksichilarining nomiga rasmiylashtirilgan bank plastik kartalaridagi tushumlarining hajmidan kelib chiqib, ularga subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu imtiyozdan nafaqat Yandeks taksi haydovchilari foydalanishlari mumkin, bundan tashqari, mavsumiy yollanma ishchilar ham to‘lov qobiliyatlarini asoslab, ipoteka krediti olishlari mumkin.

1 maydan boshlab, rasmiy daromadga ega bo‘lmagan aholiga ularning plastik kartasi, kommunal, ijara va boshqa xarajatlarini inobatga olgan holda ham ipoteka krediti ajratiladi. Dastlabki badal miqdori va ipoteka kreditining muddati hisobga olinib, tabaqalashtirilgan foizlar va boshqa imtiyozlar tatbiq etiladi. Ta’lim tashkilotlarida muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalarida dars berayotgan yoki o‘quv amaliyotini o‘tkazayotgan o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalari beriladi. 2023 yil uchun ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 2022 yilda belgilangan miqdorda saqlanib qoladi.

Subsidiya ajratishga doir arizalar 2023 yil 1 maydan qabul qilinib, 2023 yil 1 dekabrgacha davom etadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri