Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari rag‘batlantiriladi
11:23 / 2025-10-24

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohalaridagi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga ko‘maklashish, ularni uslubiy qo‘llab-quvvatlash, texnik ko‘mak (grant va moliyaviy mablag‘lar) taqdim etish, xodimlar malakasini hamda huquqiy bilimlarini oshirishga quyidagilar mas’ul organlar hisoblanadi: 

a) raqobatni rivojlantirish sohasida - Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi; 

b) iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida - Raqobat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi; 

Mas’ul organlar har yili kamida bir marotaba nodavlat notijorat tashkilotlariga o‘zlariga biriktirilgan sohalarda tahlillar o‘tkazish, muammolarni o‘rganish va o‘z vakolatlari doirasida boshqa tadbirlarni tashkil etish yuzasidan byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmalari berib boradi, nodavlat notijorat tashkilotlarini uslubiy qo‘llab-quvvatlagan holda, ularning xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha doimiy ko‘maklashadi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohalarida nodavlat notijorat tashkilotlariga: 

turdosh xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda, sohaga tajriba almashish uchun ularning malakali mutaxassislarini jalb etishda; 

nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining grantlarini jalb etishda ko‘maklashadi. 

2027 yil 1 yanvarga qadar tajriba tariqasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan dori vositalari va tibbiyot xizmatlarini “sirli mijoz” va chakana savdoda nazorat xaridi tadbirlari o‘tkaziladi. Bunda mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxati Raqobat qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Qaror bilan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayinlash, realizatsiya qilish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini nazorat qilishda “sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi. 

Ushbu Nizom iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida dori vositalarini va tibbiy buyumlarni dorixonalar tomonidan chakana realizatsiya qilish tartibiga amal qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish (tibbiy diagnostika, muolaja, dori buyurish) faoliyatini nazorat qilishda “sirli mijoz” tadbirini o‘tkazish tartibini belgilaydi. 

“Sirli mijoz” tadbiri mazkur Nizomga muvofiq mulkchilik shaklidan qati nazar, dorixona va tibbiyot tashkilotlariga tashrif buyurgan holda o‘tkaziladi. 

“Sirli mijoz” tadbirini o‘tkazish tadbirkorlik faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi.

O‘zA