O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi joriy yil yanvar – avgust oylarida raqobatni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud instansiyalarida da’vogar va arizachi hamda javobgar sifatida 23 sud ishida ishtirok etdi.
Mazkur sud ishlarida da’volari qanoatlantirilgan, ish yuritishi tugatilgan va arizasi qaytarilgan, rad etilgan, sud jarayonlari davom etayotgan murojaatlar ham bor. Shuni ta’kidlash lozimki, sud ishlarining 8 tasi to‘liq, 6 tasi qisman Raqobat qo‘mitasi foydasiga hal etildi.
Misol uchun, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan aktuar xizmatini xarid qilish uchun etender.uzex.uz elektron platformasi orqali tender savdolari o‘tkazilgan. Mazkur holat o‘rganilganda, tanlov (tender) savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar ya’ni “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 14 - moddasi talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, o‘tkazilgan tender savdosida buyurtmachi tomonidan ishtirokchilardan biriga boshqa ishtirokchilarga nisbatan imtiyozli shart - sharoit yaratib berilgani aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha qo‘mita tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Biroq, AJ qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, uni haqiqiy emas, deb topish haqidagi Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sud shikoyatni qanoatlantirishni rad etgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, yuqori instansiya sudlariga qilgan shikoyatlari ham rad etilgan.
Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi “Musaffo obi hayot” MCHJning ichimlik suv va oqava xizmatlari hamda isitish tizimi tariflarining asosli shakllantirilishi, amalga kiritilishi va qo‘llanilishiga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan.
O‘rganish natijasida, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239 - sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 36 - bandi beshinchi xatboshisi ya’ni tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash), kelishish va belgilash uchun narxlarni tartibga soluvchi organlarga, davlat boshqaruvi organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga ishonchsiz ma’lumotlar taqdim etilishi natijasida narx (tarif)ning oshirilishi talablari buzilgani aniqlangan.
Ushbu holat bo‘yicha qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Musaffo obi hayot” MCHJga qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda Vazirlar Mahkamasining 239 - sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning buzilishi natijasida asossiz olingan jami 1 trillion 318 million 432 ming 400 so‘m pul mablag‘ini iste’molchilarga qaytarish, ularni aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda ixtiyoriy ravishda davlat byudjetiga to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Jamiyat Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasining qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib qilgan shikoyati Raqobat qo‘mitasi apellyatsiya kengashida ko‘rib chiqildi va qisman qanoatlantirildi. Qonunbuzilish natijasida olingan mablag‘ miqdori 300 milliondan sal ko‘proqqa kamaytirildi.
Biroq, “Musaffo obi hayot” MCHJ bunga qanoat qilmay, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sudning hal qiluv qarori bilan murojaatni qanoatlantirish rad etilgan va Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasining qaror va ko‘rsatmasini hamda Raqobat qo‘mitasi apellyatsiya kengashining qarorini o‘z kuchida qoldirilgan.
Xulosa qilib aytganda, qo‘mitamiz mamlakatimizda raqobatni ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyat olib borishda barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.
Otabek Usmonov,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar
huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi
raisi maslahatchisi.
O‘zA