Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
10:38 / 2025-07-16

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, ushbu davrda davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlariga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari normalarining buzilishi bilan bog‘liq 87  taqdimnoma kiritilib, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid deb topilgan 15 hujjat bekor qilingan.

Shu bilan birga, 21,1 ming nafar iste’molchining huquqlari buzilishi bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha ularning (16 milliard so‘mlik hajmdagi) manfaatlari himoya qilingan.

O‘tgan davr mobaynida 320, shu jumladan 73 tabiiy monopoliya sub’ektida, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeiga ega bo‘lgan 90 xo‘jalik yurituvchi sub’ektda, davlat ishtirokidagi 48 korxonada, eksklyuziv huquqlar berilgan 41 xo‘jalik yurituvchi sub’ektda, 33 respublika hamda 35 mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etilgan.

Shuningdek, joriy yilning birinchi yarim yilligida davlat buyurtmachilari tomonidan boshlang‘ich qiymati 13,2 trillion so‘m bo‘lgan 13,6 mingta davlat xaridi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijasida buyurtmachilar tomonidan 8,8 mingta (65,3 foiz) va savdolar jarayonida 13 mingta raqobatga zid harakat aniqlangan.

Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasi asosida vazirlik va idoralar tayyorlagan 439  normativ-huquqiy hujjat loyihasining 219 tasida (50 foizi) raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid normalar bartaraf etilgan.

Reklamalarning joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha 7,8 mingdan ortiq holatlarda aniqlangan turli kamchiliklarni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Shu bilan birga, senatorlar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy ko‘rsatkichlarni tizimli ravishda tahlil qilib borish orqali raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiluvchi omillar va tizimli muammolarni bartaraf etish ishlarini kuchaytirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.

Majlis yakunida qo‘mitaning raqobatni rivojlantirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA