Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi
15:16 / 2023-10-19

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida” gi qonun mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan seminar tashkil etildi.

“Yangi raqobat qonunchiligi – raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi” mavzusida bo‘lib o‘tgan seminarda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xodimlaridan iborat ishchi guruh a’zolari, viloyatda faoliyat yuritayotgan davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida” gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlar, davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etishning afzalliklari, ushbu tizimda joriy etilgan tartib va qoidalar, qonunchilikda “Raqobat to‘g‘risida” gi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilayotganligi, monopoliyaga qarshi organga berilayotgan qo‘shimcha vakolatlar, korxonalar tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishini hamda harakatlar amalga oshirilishini (harakatsizlikni) taqiqlash, birja, tender va tanlov savdolarida raqobatni cheklashga qarshi talablar yuzasidan ma’lumotlar berildi.  

– Qonunda raqobat sohasidagi davlat siyosatining, ya’ni, raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va to‘xtatish, respublika hududida iqtisodiy faoliyat erkinligi va tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan, – deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Anvar Muhammadiyev. – Bundan tashqari, qonun bilan monopoliyaga qarshi komplayens, raqamli platforma kabi tushunchalar kiritildi. Shuningdek, qonunda ustun muzokara kuchi instituti kiritilib, ushbu normaga ko‘ra, bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi sababli boshqa sub’ektlar bilan shartnoma tuzishda, ularda ustun muzokara kuchi mavjud, deb baholanishi belgilandi. 

Seminar davomida ishtirokchilar soha mutaxassislaridan davlat xaridlarini o‘tkazishda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar oldi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA