Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodi tayyorlanadi
15:07 / 2021-01-25

Respublika Oliy ta’lim kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Onlayn formatda tashkil etilgan ushbu yig‘ilishda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, kengash a’zolari, akademiklar, shuningdek, faol yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi paytda mamlakatimiz ta’lim tizimi isloh qilinib, sifat o‘zgarishlariga mustahkam asos yaratilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad yoshlarning iqtidori va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish orqali raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlashdir. Bu boradagi ishlar natijasi hozirdanoq ko‘zga tashlana boshlagani, ayniqsa, quvonarlidir. Aytaylik, oxirgi to‘rt yilda qabul parametrlari 2,5 barobar o‘sib, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetdi.

Respublika Oliy ta’lim kengashi raisi O‘ktam Umurzoqov Kengashning 2020 yildagi faoliyati bo‘yicha taqdim etgan hisobotida qo‘lga kiritilayotgan shu kabi muvaffaqiyatlarni e’tirof etgani holda, hali oldinda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligiga urg‘u berdi.

– 2019 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida intellektual taraqqiyotni jadallashtirish bo‘yicha barcha yo‘nalishlar qamrab olingan, – deydi iqtisodiyot fanlari doktori, professor O‘.Umurzoqov. – Ammo ustuvor vazifalar ijrosida ko‘zda tutilgan muddatni kutib o‘tirish shart emas. Oldimizga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sifatli kadrlar tayyorlash bosh maqsad qilib qo‘yilgan ekan, demak, ta’lim, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etishimiz, zarur chora-tadbirlarni kuchaytirishimiz shart. Masalan, amaliyotga raqamli texnologiyalarni qo‘llash, raqamli universitetni amalga oshirishning ayni vaqti hozir. Qolaversa, ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish ham kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Biroq buning uchun tadqiqotlar natijalari – xoh u innovatsion ishlanma bo‘lsin, xoh u yangi texnologiya, avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolar yechimiga, hududlar rivojiga xizmat qilishi lozim.

Darhaqiqat, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish bu borada keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Shuning uchun bugun oliy o‘quv yurtlari va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanyapti. Bu esa tomonlar uchun birdek manfaatlidir.

O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi Murtazo Rahmatov klasterlar tomonidan xorijiy davlatlardan olib kelinayotgan eng zamonaviy texnika, uskuna va jihozlarning 10 foizini oliy o‘quv yurtlariga ajratish tashabbusini ilgari surmoqda.

– Ana shunda bo‘lg‘usi mutaxassislar qo‘liga diplom olib, ishga kelganda, shoshib qolmaydi, – deydi iqtisodiyot fanlari doktori, senator M.Rahmatov. – Ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirishga esa hojat qolmaydi. Chunki talabalar o‘qish davomida chetdan keltirilayotgan texnikalar bilan yaqindan tanishib, ularni ishlatish, ishdan chiqsa, sozlashni o‘zlashtirib olishadi.

Talaba-yoshlarga biz yana bir qulaylik yaratmoqchimiz. Ya’ni amaliyot o‘tashlari uchun xorijdagidan kam bo‘lmagan darajada yotoq joy va boshqa tashkiliy shart-sharoit hozirlab beramiz. Eng muhimi, amaliyotga kelgan vaqtida xuddi korxona ishchi-xodimlariga to‘langanidek oylik maosh beriladi. Bu yangilikni dastlab Buxorodagi “BCT Cluster” paxta-to‘qimachilik klasterida amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Yig‘ilishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish haqida ham so‘z yuritildi. Xususan, chet ellik yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni ko‘proq jalb qilish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, yoshlar bilan ishlashda yangi uslub va metodologiyalardan foydalanish bugungi zamon talabi ekanligi aytib o‘tildi.

– Gap yoshlar iqtidorini yuzaga chiqarish, ularning vaqtini mazmunli o‘tkazish haqida ketganda, davlatimiz rahbarining O‘zbekiston yoshlari forumida bergan topshirig‘i asosida universitetimizda Yoshlar assotsiatsiyasi tashkil etilganini alohida ta’kidlashni istardim, – deydi Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodov. – Biz dunyoning yetakchi universitetlaridagi yoshlar klublarining tajribasini har tomonlama o‘rgangan holda, ushbu yangi tuzilmaning vazifalarini deyarli ishlab chiqib bo‘ldik. Unga ko‘ra, talabalar bilan ishlashda tamomila yangicha usullar qo‘llaniladi. Ya’ni universitetda yoshlar ham ta’lim oladi, ham ham o‘qishdan keyingi vaqtini mazmunli o‘tkazadi. Qisqasi, biz yoshlar soat 9:00 dan to 19:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘z ustida ishlashlari uchun qulay shart-sharoit yaratib beramiz. Bunda qog‘ozbozlikdan butunlay xoli bo‘lgan o‘ta qiziqarli loyihalar, samarali dasturlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Yig‘ilishda milliy oliy ta’lim muassasalari nufuzini oshirish, ularni xalqaro reytinglarga kiritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Yakunda Respublika Oliy ta’lim kengashining galdagi vazifalari belgilab olindi.

 

O‘zA