Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun ijrosi muhokama etildi
18:51 / 2020-10-30

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida videokonferensaloqa tarzidagi sayyor majlisi boʻlib oʻtdi.


Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida videokonferensaloqa tarzidagi sayyor majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlari va “Oʻzyogʻmoysanoat”, “Oʻzcharmsanoat” uyushmalari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Qonunning “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimidagi ijrosi holati oʻrganilganida mamlakat kimyo sanoati korxonalarining aksariyatida davlat ulushining yuqoriligi, zamonaviy energo tejamkor texnologiyalarining joriy qilinmaganligi kabi sabablar oqibatida sohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar narxlari ichki bozorda ham tashqi bozorda ham xorij kompaniyalarning shu kabi tovar va xizmatlari bilan raqobatlasha olmayapti.

Ichki bozorda tovar va xizmatlar sifatini oshirish, moslashuvchan tarif siyosatini qoʻllashdan aksiyadorlik jamiyatining manfaatdor emasligi ham raqobat muhitining yoʻqligi sabablaridan biri hisoblanadi.

Qonun talablarining yetarlicha ishlamasligi sohada davlat-xususiy sheriklik tamoyillarining qoʻllanilmasligiga ham olib kelgan.

Raqamli mahsulotlarni qoʻllash tarkibi sust darajada tashkil etilganligi ham raqobatning rivojlanishiga oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.

Soʻnggi yillarda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarini kuz-qish mavsumida “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan tabiiy gaz bilan taʼminlashdagi muammolar, yaʼni tabiiy gaz talab etiladigan parametrlarda (12 kgs/sm2 da) yetkazib berilmasligi tufayli ishlab chiqarishda toʻxtalishlar yuzaga kelgan yoki toʻliq quvvatda ishilash imkoni boʻlmagan.

Xususan, yuqoridagi sabab tufayli 2019-yilda 318,8 milliard soʻmlik tovar mahsuloti, shu jumladan, 294,5 milliard soʻmlik azotli oʻgʻitlar kam ishlab chiqarilgan va 24,4 milliard soʻmlik ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan xarajatlarga yoʻl qoʻyilgan. Bu, oʻz navbatida, azotli oʻgʻitlar tannarxining keskin oshishiga sabab boʻlgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan “Oʻzkimyosanoat” AJ tarkibidagi korxonalarining mahsulotlariga narxlar shakllanishi va qoʻllanilishi tahlil qilinganda ayrim korxonalar tomonidan mahsulotlariga yuqori monopol narx qoʻllanilishi holatlari kuzatilgan va kamchiliklar bartaraf etilgan.

“Maxam-Chirchiq” AJ tomonidan ammiakli selitra maxsuloti ishlab chiqarilib, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga birja savdolari orqali sotilishi kerak. Biroq ishlab chiqarilgan mahsulot toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida tarkib korxonasiga bozorda faoliyat yuritayotgan boshqa raqobatchilariga nisbatan arzon narxda sotilishi natijasida “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablari buzilib, xoʻjalik subyektlari uchun teng boʻlmagan sharoit yuzaga keltirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan roʻyxatga asosan mineral oʻgʻitlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilishi belgilangan.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tarkibidagi korxonalari tomonidan import-eksport faoliyatini olib borishda “Oʻzkimyoimpeks” MCHJning yagona agent etib belgilanishi mazkur faoliyatning sunʼiy monopollashuviga olib kelgan.

Bundan tashqari, majlisda “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning ijro etilishiga urgʻu berildi.

Qayd etilganidek, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati neft, neft mahsulotlari va gazni (gaz kondensati) quvur orqali transportirovka qilish xizmatlari boʻyicha Tabiiy monopoliya subyektlarining davlat reyestriga kiritilgan.

2020-yil 1-yanvar holatida respublikada 276 ta neft va gaz konlari mavjud boʻlib, suyuqlik turi boʻyicha ular 10 ta gaz koni, 137 ta kondensat, 52 ta neftgaz kondensati, 25 ta neft va gaz hamda 52 ta neft konlariga boʻlinadi. Jamiyat tizimidan neftni qayta ishlash zavodlariga 2019-yilda 911,2 milliard soʻm soliq toʻlovlaridan imtiyozlar berilgan.

Majlisda “Oʻzbekneftgaz” AJning qazib chiqarishdagi ulushining yildan-yilga qisqarib borishi hamda neft va gaz mahsulotlari hajmlarining kamayib borishi iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energoresurslar bilan taʼminlash masalasida bir qator muammolarga sabab boʻlayotgani taʼkidlandi.

Jumladan, bugungi kunda respublikamiz aholisining 49 foizi tabiiy gaz va 51 foizi suyultirilgan gaz bilan taʼminlangan. Bu boradagi ishlar holati tahlil qilinganda ayrim hududlarda bir necha oylab tabiiy gaz, baʼzi hududlarda esa suyultirilgan gaz ballonlari oʻz vaqtida yetkazib berilmayotganligi aniqlangan.

Yana bir jihat. Iqtisodiyot tarmoqlarining mahsulot ishlab chiqarishda tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoji yuqoriligi va bu ehtiyoj toʻliq qondirilmayotganligi natijasida tabiiy gaz yetkazib beruvchilar tomonidan ustun mavqeini suiisteʼmol qilish holatlari yuzaga kelmoqda. Xususan, “Oʻztransgaz” AJ tomonidan 2018-2019-yillar davomida ulgurji isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berishda toʻlovlarni hisoblash va tariflarning qoʻllanilishida amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi natijasida ulgurji isteʼmolchilar hisobidan jami 200 milliard soʻmdan ziyod miqdorda asossiz daromad olinganligi aniqlangan.

Shuningdek, majlisda neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gazni realizatsiya qilishda taqdim etilgan eksklyuziv huquqlarni xatlovdan oʻtkazib, ularni qisqartirish choralarini koʻrish, neft va neft mahsulotlarining birja savdolariga qoʻyilishida narxlarning tasdiqlangan grafikka rioya qilgan holda belgilanishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-yanvardagi “Yogʻ-moy tarmogʻini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Oʻzpaxtayogʻ” AJ negizida Oʻzbekiston Respublikasi yogʻ-moy sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etilgan.

Mazkur tashkilot tomonidan 2018-yilda 191,4 ming tonna kungaboqar va 135 ming tonna kungaboqar moyi import qilingan boʻlsa, 2019-yilda import hajmi mos ravishda 269 ming tonna va 216 ming tonnani tashkil etgan.

Tahlillar 2020-2021 mavsumda butun dunyoda kungaboqar yetishtirish hajmi prognozlari 56,1 mln. tonnagacha, qayta ishlash hajmlari 51,2 mln. tonnagacha kamayishini koʻrsatgan. Bunda mintaqada yirik eksportyor davlat hisoblangan Rossiya Federatsiyasida kungaboqar yetishtirish prognozi 2019-2020-yilgi mavsumdagi 15,3 million tonnadan 2020-2021-yilgi mavsumda 13,5 million tonnagacha kamaytirilgan. Natijada joriy yilda respublikaga kungaboqar importi hajmi keskin qisqargan.

Oʻtgan yillarda respublikaga kungaboqar donining importi ortib borgan boʻlsa, 2020-yilda import hajmining pasayishi kutilmoqda.

Yuqoridagi kabi holatlar xorijiy davlatlarning soya, kungaboqar kabi moyli xomashyo eksportiga taʼsiri mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari tannarxining oshishi, yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamayishiga va narx borasida raqobatlasha olmasligiga sabab boʻladi.

Shu bilan birga, majlisda sohada sogʻlom raqobatning taʼminlanishi va ichki bozorni yogʻ-moy mahsulotlari bilan toʻyintirish boʻyicha bir qator masalalar yechimi taʼminlanishi zarurligi taʼkidlandi. Xususan, moyli xomashyo bazasining chegaralanganligi oqibatida soʻnggi uch yilda yogʻ-moy korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 50 foizdan oshmagan.

Soʻnggi yillarda mahalliy xomashyo resurslari qisqarib borishi natijasida oʻsimlik moyining ishlab chiqarilishi 2018-yilda 197 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 15 foiz kamaygan.

Qolaversa, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirish maqsadida birja savdolarida qatnashib 5 tonnagacha texnik chigit xarid qilishi mumkin boʻlgan korxonalarga hech qanday talab oʻrnatilmaganligi natijasida standart texnologik jarayonlarning buzilishi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatining pasayishiga yoʻl qoʻyilmoqda. Oʻsimlik moyining chakana narxi bugungi kunda sezilarli darajada, yaʼni 22-30 foizgacha qimmatlashgan.

Yogʻ-moy korxonalarida yem mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyati boʻlgan holda, yem mahsulotlari (shrot va sheluxani) qisqa siklda qayta ishlanishi bilan chegaralangan. Holbuki bu mahsulotlarni chuqur qayta ishlab chorvachilik, baliqchilik, quyonchilik va parrandachilik uchun zarur boʻlgan import oʻrnini bosuvchi ekstruderlangan omixta yem mahsulotlarini ishlab chiqarishga erishish mumkin.

Majlisda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan ham “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning ijro etilishi koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, 2020-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, ushbu uyushmaga 550 ga yaqin ishlab chiqaruvchi korxonalar aʼzo boʻlib, ulardan 50 tasi charmni qayta ishlovchi, 9 tasi qorakoʻlchilik, 35 tasi charm-attorlik hamda 302 tasi poyabzal ishlab chiqaruvchilardir.

Soha korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish maqsadida 2020-yilda 28 ta loyiha boʻyicha 101,2 million dollarlik qiymatdagi investitsiyalarning oʻzlashtirilishi, 2020-2022-yillarda umumiy qiymati 421 million dollarlik 248 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Shu bilan birga, majlisda tizimda raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi muammolarni bartaraf etish maqsadida bir qator amalga oshirilishi talab etiladigan ishlarga urgʻu berildi.

Xususan, teri xomashyosini qayta ishlash boʻyicha mahalliy korxonalar quvvatidan toʻliq foydalanishni yoʻlga qoʻyish va qoʻshni davlatlarda yetishtiriladigan yirik va mayda shoxli mollar terisini qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni eksport qilish ishlarini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish, respublika bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xomashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bekor qilish masalasini koʻrib chiqish, charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli foydalanishni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida masʼul idoralarga koʻrsatmalar berildi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.