English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqobat qo‘mitasi tomonidan "Uzbekistan Airports” AJga tegishli ko‘rsatma berilgan
10:18 / 2023-07-27

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Uzbekistan Airports” AJga tegishli “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MCHJ hududidagi avtoturargohlar uchun to‘lovlar miqdori oshirilgani, shuningdek, aeroport hududida faqat yagona taksi xizmati yo‘lga qo‘yilishi natijasida boshqa tadbirkorlik sub’ektlari kirishiga sun’iy to‘siqlar qo‘yilganidan noroziliklar bildirilgan va bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Qo‘mita tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari va iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlab, qolaversa, sohada raqobat muhitini ta’minlash maqsadida tegishli ishlar amalga oshirildi.  

O‘rganishlarda aniqlanishicha, “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MCHJ yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatoriga faqat bitta tadbirkorlik sub’ektiga tegishli avtomobillarning kirishiga shart-sharoit yaratib berilgani, ushbu sub’ektdan to‘lovlar undirilmayotgani, unga tashish uchun qat’iy belgilangan tarif qo‘llanilishi va har qanday narxlar o‘zgarishlari kelishilishi belgilangan. 

Shuningdek, “texnik topshiriq” shartlari talabiga mos keluvchi litsenziyaga ega bo‘lgan taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning avtomobillarini ushbu hududga kiritmayotgani hamda aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorining oshirilishi orqali ushbu sohada raqobatning cheklanishi holati sodir etilgan.  

O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonuni 16-moddasi beshinchi xatboshisida tabiiy monopoliya sub’ektlariga tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozoridagi raqobatni cheklash uchun tabiiy monopoliya holatidan foydalanish man etilgan. Bu holat O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni 11-moddasi uchinchi qismida yuridik va jismoniy shaxslarning xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishi, agar bunday muvofiqlashtirish ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan oqibatlarga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa, taqiqlanishi belgilangani qoidalariga nisbatan noqonuniy harakat hisoblanadi.  

Yuqoridagi holat bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi 2022 yil 23 dekabrda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonuni 16-moddasi beshinchi xatboshisi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni 11-moddasi uchinchi qismi talablari buzilgan deb qaror qilgan va “Uzbekistan Airports” AJga majburiy ko‘rsatmalar berilgan.  

Qo‘mita qarori asosida “Uzbekistan Airports” AJga quyidagi mazmundagi majburiy ko‘rsatmalar berilgan:  

– tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berilishini ta’minlash;  

– yo‘lovchilar va bagaj tashuvchi taksi xizmatini tashkil etish uchun “texnik topshiriq”dan,  unga tegishli joyni ijaraga berish shartnomasidan yo‘lovchilarni tashish uchun qat’iy belgilangan tariflar qo‘llanilishi hamda tariflardagi har qanday o‘zgarishlar “Uzbekistan Airports” AJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;  

– yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatorida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mavjudligi to‘g‘risida iste’molchilarni xabardor qilinishini ta’minlash;  

– aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqishi shular jumlasidandir.  

Shu o‘rinda, “Uzbekistan Airports” AJ Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. 

Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2023 yil 28 martdagi hal qiluv qarori bilan “Uzbekistan Airports” AJ shikoyati rad etilib, Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan.  

Shuningdek, mazkur ish “Uzbekistan Airports” AJning apellyatsiya shikoyati asosida Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham ko‘rib chiqilib, 2023 yil 12 iyunda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etildi.  

"Shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, Raqobat qo‘mitasi barcha instansiyasi sudlarida sohada raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan kurashishga doimo tayyor", – deyiladi Raqobat qo‘mitasi xabarida.  

 

O‘zA