Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan ichki tovar bozorining mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi yuzasidan navbatdagi tahlil ishlari amalga oshirildi. Tahlil doirasida ishlab chiqarish hajmlari, import va eksport ko‘rsatkichlari, shuningdek, bozordagi raqobat muhiti atroflicha o‘rganildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chinnidan tayyorlangan oshxona buyumlari bozorida respublika bo‘yicha 64 ta korxona tomonidan 18 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, ushbu mahsulot turi bo‘yicha import hajmi 11 ming tonnani tashkil etgan. Natijada, mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi 62,6 foizni qayd etdi.

Keramik vannalar, rakovinalar va unitazlar segmentida esa 33 ta korxona tomonidan qariyb 1 million dona mahsulot ishlab chiqarilgan. Biroq ushbu bozorda ham import ulushi sezilarli bo‘lib, mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi 64,7 foizni tashkil etmoqda.
Mebel furniturasi bozorida 19 ta korxona tomonidan 1,9 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich nisbatan yuqori bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishda ham ishlab chiqarish hajmlarini oshirish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlanadi.
Ayrim tovar guruhlarida esa importga qaramlik yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Xususan, alkid smolalar bozorida mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi atigi 3,1 foizni tashkil etsa, soya shroti segmentida ushbu ko‘rsatkich 10,5 foizdan oshmagan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, ushbu tovar bozorlarida mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi korxonalarni tashkil etish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud. Bu esa tadbirkorlar uchun ichki bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish orqali import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish maqsadida tovar bozorlarining mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi yuzasidan bunday tahlillar muntazam e’lon qilib boriladi. Shuningdek, tadbirkorlar qo‘shimcha mahsulot turlari bo‘yicha tahlil o‘tkazish yoki ma’lumotlar olish uchun qo‘mitaga murojaat qilishlari mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA