Har kuni ertalab ishga kelar chog‘imiz yo‘l bo‘ylaridagi peshtaxtalarga ilingan reklamalarga ko‘zimiz tushadi. Chunki reklamalar ham shahar ko‘chalarini bezab, unga ajoyib manzara beradi. Reklamalar qonun doirasida joylashtirilsaku yaxshi, ammo noqonuniy bo‘lsa-chi? Noqonuniy reklamalar nafaqat estetik tartibsizlik, balki adolatli raqobat muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari tomonidan mamlakat bo‘ylab tashqi reklama vositalarini qonun talablariga moslashtirish maqsadida tizimli monitoring va o‘rganish tadbirlari olib borilmoqda.
Bu jarayonda bir qator hududlarda reklama faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar qonunbuzarlik holatiga yo‘l qo‘ygani aniqlandi. Masalan, Toshkent viloyatida “Nilufar Petrol” MCHJ, Surxondaryoda “OFSET-SURXON” MCHJ, Sirdaryoda “Guliston xususiy ta’lim” MCHJ, Samarqandda “Aziz Amira Gold” MCHJ va boshqalar reklama pasportisiz yoki noqonuniy o‘rnatilgan reklamalar bilan faoliyat yuritgan.
Har bir holat bo‘yicha hududiy boshqarmalar Maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atib, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qonun doirasida choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida tadbirkorlar bilan tushuntirish va profilaktik ishlar ham olib borilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi ta’kidlaganidek, qonunga rioya etish — faqat majburiyat emas, balki har bir tadbirkorning o‘z ishiga bo‘lgan hurmati va jamiyat oldidagi mas’uliyatidir.
Nigora Rahmonova, O‘zA