Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan savdo, ta’lim, chiqindilarni olib chiqish hamda moliyaviy xizmatlar sohalarida kelib tushayotgan murojaatlar izchil o‘rganilmoqda. Bu jarayonda eng asosiy mezon — fuqaroning haq-huquqini tiklash va adolatni qaror toptirishdir.
Amaliy misollar shuni ko‘rsatadiki, oddiy bir murojaat ham katta muammoni hal etishga turtki bo‘la oladi. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yaroqsiz qo‘l telefoni masalasida iste’molchining talablari qonuniy deb topilib, mablag‘ qaytarildi. Bu holat bozorda iste’molchi manfaati ustuvor ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Qashqadaryo viloyatida avtomaktab xizmati bilan bog‘liq murojaat esa ta’lim sohasida ham shartnoma shartlariga qat’iy amal qilish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatdi. Fuqaro foydasiga qabul qilingan qaror odamlarda qonunga ishonchni mustahkamladi.
Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida avtotransport vositalari bo‘yicha hal etilgan murojaatlar sifat va javobgarlik masalasi hech qachon ikkinchi darajaga tushmasligi kerakligini eslatdi. Chunki, transport vositasi — inson xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq masala.
Namangan viloyatida chiqindilarni olib chiqish xizmatida yuzaga kelgan asossiz qarzdorlik bartaraf etilgani esa kommunal xizmatlarda shaffoflik qanchalik zarur ekanini yaqqol ko‘rsatdi.
Jizzax va Andijon viloyatlarida elektron savdo platformalari orqali kelib chiqqan murojaatlar esa raqamli xizmatlar rivojlanayotgan bir paytda iste’molchilar huquqini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.
Buxoro viloyatida sug‘urta mukofotini qaytarish bilan bog‘liq holatda esa fuqaroning qonuniy manfaatlari tiklandi. Bu kabi qarorlar moliyaviy xizmatlarda ham qonun ustuvor ekanini anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, har bir ijobiy hal etilgan murojaat ortida fuqaroning davlat organlariga nisbatan ishonchi mustahkamlanmoqda. Raqobat qo‘mitasining bu boradagi faoliyati esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘lida amaliy natijalar berayotganini ko‘rsatadi.
N.Rahmonova,
O‘zA