Bundan bir necha yil avval bozorlarimizdan sifatli, bejirim, mijozlar talabiga javob beradigan oyoq kiyim topish biroz mushkul edi. Topilgandayam, xorijniki yoki sifati past mahalliy ishlab chiqaruvchiniki bo‘lardi. Bugun o‘zbek charm sanoatidagi o‘zgarish yaqqol sezilmoqda. Sohada raqobat kuchaydi. Raqobat bor joyda taraqqiyot bo‘ladi.
Aytish kerakki, 2017-2023 yillar davomida O‘zbekistonda 250 dan ortiq turdagi mahsulotlar, jumladan, xomashyo, butlovchi buyumlar va materiallar mahalliylashtirildi. Bu tendensiya importni qisqartirish, charm poyabzal mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish imkonini bermoqda.
Ushbu omillar ayniqsa poytaxtimizda o‘tkazilgan “UzCharmExpoEurAsia-2024” 17 Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi va unda namoyish qilingan mahsulotlar misolida yaqqol ko‘rindi.
“O‘zekspomarkaz”da charm, poyabzal, galantereya, mo‘yna, jun, qorako‘l va boshqa ko‘plab mahalliylashtirilgan mahsulotlar, ularni tayyorlaydigan zamonaviy uskunlar namoyish etildi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi mazkur nufuzli forumga katta tayyorgarlik ko‘rdi. Respublikamizning har bir hududidan maksimal darajada tadbirkorlar taklif qilindi. Bundan tashqari xorijiy brend kompaniyalar ham ishtirok etdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2xNuIFrPa-c" title="Raqobat bor joyda taraqqiyot boʻladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>“UzCharmExpoEurAsia-2024” bu ko‘p yillik tajriba va muvaffaqiyatli biznes yutuqlar jamlangan manzildir. Mazkur ko‘rgazma o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, biznes portfelini yangi loyihalar bilan boyitish, xalqaro brendlarni jalb etish va sanoat eksportini yanada oshirish uchun samarali muhit sifatida qaralmoqda.
- Ushbu ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqdaman va bundan nihoyatda mamnunman, - deydi Xitoyning nufuzli kompaniyasi vakili Yan Gen. - Biz O‘zbekistonga ko‘plab yangiliklarni olib keldik. O‘ylaymanki, dastlabki qadamimiz muvaffaqiyatli bo‘ladi va kelgusida yangi korxona ochish niyatimiz ham bor.
Ko‘rgazmada Xitoy, Italiya, Turkiya, Eron, Rossiya, Belarus va Markaziy Osiyo mamlakatlari ishlab chiqaruvchilari charm-poyabzal sanoati uchun innovatsion texnologik yechimlarni taklif etdi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlar uchun alohida pavilon ajratildi.
Unda 150 ga yaqin mahalliy va 15 dan ortiq xorijiy tashkilot va kompaniyalar o‘z mahsulotlari namunalari bilan qatnashdi. Bu esa nafaqat ularning salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalari bilan tanishtirish imkoniyati, balki V2V va G2B, G2G muzokaralari uchun samarali platformadir. Ko‘rgazma doirasida ishbilarmonlik uchrashuvlari, taqdimotlar, xalqaro tanlov va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.
Shuningdek, ko‘rgazma orqali mahsulotlarni xorijga, xususan, Yevropaga yetkazib berishni ko‘paytirish, nufuzli brendlarni jalb qilish, xalqaro sifat sertifikatlarini joriy etish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. “UzCharmExpoEurAsia-2024” ko‘rgazmasi uch kun davom etadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA