Joriy yilning 5-7 oktyabr kunlari Turkiyaning Istambul shahrida yoshlar o‘rtasida sportning karate turi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning 118 davlatidan kelgan yoshlar ushbu chempionatda ishtirok etishdi. Chilonzor tumanidagi 281-maktab o‘quvchisi Kamronbek Bozorboyev ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilib, o‘z vazn toifasida jahon chempioni degan nomga musharraf bo‘lib qaytdi.
Oramizda Kamronbek kabi sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgan yoshlar ko‘p. Yosh sportchining o‘y-kechinmalari, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgandagi his-hayajonlari haqida chempion bilan suhbat asnosida bilib olamiz.
– Kamronbek yoshingiz nechchida?
– 11 yoshdaman.
– G‘alabani qo‘lga kiritganingizda eng avvalo nimani o‘yladingiz?
– Shohsupaga chiqqanimdan so‘ng yelkamga O‘zbekiston bayrog‘ini ilib qo‘yishganida juda hayajonlandim. Bayroqni tushirib yubormaslik uchun mahkam ikki uchidan siqib ushlab oldim. Eng avvalo dadam, onam, opa-singillarim ko‘z oldimdan o‘tdi.
– Quvonganingizdan yig‘lagandirsiz?
– Yo‘q, yig‘lamadim. Chunki karate sport turi bilan yetti yoshimdan shug‘ullanaman. Tengdoshlarimdan zarba yeb kelgan paytlarim bir-ikki marta ko‘z yosh to‘kkanimda dadam, “yigit kishiga yig‘lash yarashmaydi, hech qachon ko‘z yosh to‘kmagin”, deb nasihat qilgan. Shundan buyon hecham yig‘lamayman.
– Tatamida jang qanday o‘tdi?
– Men 40 kilogramm vazn toifasi bo‘yicha ishtirok etdim. Beshta davlatdan kelgan bolalar bilan maydonda bellashdim. Finalda turkiyalik hamda indoneziyalik sportchi bilan kuch sinashdim. Raqiblarimni yengib, jahon chempioni bo‘ldim.
– Karateda ko‘proq nimalarga e’tibor beriladi?
– Shotokan karateda qo‘l ham, oyoq ham ishlatiladi. Ammo raqibning belbog‘idan pastga tepish mumkin emas. Agar beldan pastga tepilsa, ochkolar olib tashlanadi.
– Vaqtingizning ko‘p qismini mashg‘ulotda o‘tkazasiz. Maktabdagi darslaringizga, kitob o‘qishga imkon topasizmi?
– Karatedan tashqari matematika va ingliz tili to‘garaklariga boraman. Vaqtim tig‘izligi sababli ancha qiynalib qoldim. Sportchining bilagi kuchga to‘lgan bo‘lishidan tashqari aqli ham bilimga to‘la bo‘lishi kerak. Ustozim Ahmadjon aka Abdullayev raqibimni faqat kuch bilan emas, aql bilan yengishni o‘rgatgan. Shuning uchun ko‘p kitob o‘qishga, sportchilarning hayotlarini o‘rganishga, yutuqlari nimada-yu kamchilik va xatolarini kuzatib borishga harakat qilaman.
– Ko‘chada tengdoshlaringiz bilan urushadigan vaziyat bo‘lib qolsa nima qilasiz?
– Murabbiyim eng jahlga beriladigan xolatlarda ham o‘zimizni qo‘lga olishni, sportchi kuchini ko‘chada emas, tatamida ko‘rsatishini uqtiradi. Avvalo shunday vaziyatlarni keltirib chiqarmaslikka harakat qilaman. Mabodo o‘rtoqlarim tortishib qolishsayam janjal yoqalashishgacha bormaydi. O‘zimiz kelishib olamiz.
– Ayrim o‘g‘il bolalar orasida maktabga o‘tkir tig‘li jismlar olib boradiganlar bor. Ularga munosabatingiz qanday?
– Hozir maktablarda bunday bolalarga jiddiy qaralyapti. Ustozlar o‘g‘il bolalarning sumka hamda cho‘ntaklarida o‘zlari bilan nima olib yurishganini tekshirib turishadi. O‘rtoqlarim orasida bunday bolalar umuman yo‘q. Hammasi til o‘rganish yoki sport bilan mashg‘ul. Dadam ko‘pincha o‘ziga ishonmagan yigit yonida tig‘li quroli bilan yuradi, deydi. O‘tkir tig‘li jismlar olib yuradigan bolalar nafaqat o‘zining kuchi balki so‘zigayam javob beraolmaydi. Bunday bolalarni yoqlamayman. To‘g‘ri, yigitlar o‘rtasida har xil vaziyatlar bo‘ladi, kimdir kim bilandir bahslashib, murosasizlik kelib chiqishi mumkin. Shunday paytlarda bir og‘iz uzr so‘rash bilan har qanday muammoga yechim topsa bo‘ladi.
– Hozir ko‘pgina yoshlar sal narsaga qizishib, asabiylashadigan bo‘lib qolishgan. Ularga qanday maslahat berasiz?
– Ko‘proq sport bilan shug‘ullanishni maslahat beraman. Sport har qanday odamning ichidagi yomon hissiyotlarini jilovlashiga yordam beradi. O‘zim ham 7-8 yoshimda juda sho‘x bo‘lganman. Ammo karate sabab asab tizimini boshqarishni, o‘zimni og‘ir-vazmin tutishni o‘rgandim.
Kamronbek Bozorboyevning Istambul tatamisidagi janglari hamda yurtimizga qaytishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirdan olingan videolavhani xavola etamiz.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/DU-BFJusQBU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Nigora Rahmonova,
Yoqub Meliboyev (video), O‘zA