Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli yechimlar neft-gaz sanoatida qanday samara beryapti?
18:42 / 2025-05-21

Mamlakatimizda neft va gaz sanoatida innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohaning samaradorligi va ekologik barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari va raqamli geologik tadqiqotlar yordamida qazib olish, qayta ishlash va tashish jarayonlari yanada tezkor, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan samarali bo‘layotir. Shu bilan birga, energiya tejovchi hamda chiqindisiz ishlab chiqarish texnologiyalari atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qilmoqda. 

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-texnik konferensiyada mahalliy va xorijiy olimlar hamda soha mutaxassislari mazkur masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi. 

Anjumanda uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish, qayta ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan texnologik yechimlar, shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda klasterlar muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi. 

"O‘zbekneftgaz" AJ modellashtirish markazi rahbari o‘rinbosari Anvar Murodovning ta’kidlashicha, bu kabi tadbirlar ishlab chiqarish tashkilotlari mutaxassislari uchun har tomonlama foydali bo‘lib, sohadagi yangi ishlanmalar, yechimlar va ilg‘or tajribalar bilan tanishish imkonini beradi. 

– Tadbir doirasida tashkilotimiz tomonidan raqamli transformatsiya va konlarni ishlatishdagi kompleks yondashuv bo‘yicha o‘z tajribamizni taqdim etdik. Masalan, “Quyi Sharqiy Berdaq” konidagi quduqlarni burg‘ilash samaradorligini baholash va gaz qazib olishni optimallashtirish bo‘yicha taqdim etilgan raqamli yechimlar orqali geologik va gidrodinamik modellardan foydalangan holda aniq prognozlar berish va texnik chora-tadbirlarni oqilona rejalashtirish imkoni yaratildi. Tadbirda so‘zga chiqqan olimlar qayd etganidek, neft va gaz sanoatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish nafaqat ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtiradi, balki qazib olishning har bir bosqichida aniqlikni ta’minlaydi. Bu esa resurslarni tejash, quvurlar va infratuzilmaning ishonchliligini oshirish, xavf-xatarlarni kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, – dedi A. Murodov. 

Shuningdek, neft-gaz sohasini raqamli transformatsiya qilishda yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash, sanoat ta’lim klasterlarini rivojlantirish va universitetlar bilan yaqin hamkorlik barqaror texnologik rivojlanishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, neft-gaz sohasidagi raqamli yechimlar nafaqat iqtisodiy foydani, balki xavfsizlik va ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va hamkorliklar sohaning uzoq muddatli rivojida muhim omildir.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA