Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatimizda raqamli transformatsiya va shaffof boshqaruvni yangi bosqichga ko‘tarishning strategik yo‘l xaritasini belgilab berdi.
Murojaatnomada alohida ta’kidlanishicha, "soya"dagi iqtisodiyotdan ixtiyoriy ravishda shaffoflikka chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar buxgalteriya, statistika, soliq hisobotlarini yuritish bo‘yicha bepul o‘qitiladi.
Bu – shunchaki texnik tadbir emas, balki mahalla darajasidan boshlanib, butun respublika miqyosiga tarqaladigan yangicha boshqaruv falsafasining ifodasidir.
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b. Akmal Akramov Murojaatnomada belgilangan muhim vazifalar xususida quyidagilarni gapirdi:
–Murojaatnomada qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 45–50 foizdan 28 foizga pasaytirildi.
Biroq, dastur doirasida kelgusi besh yilda ushbu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga qisqartirish, naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizdan oshirish va rasmiy sektorda band bo‘lgan aholi sonini 14 millionga yetkazish ko‘zlangan. Ushbu maqsadlarga erishishning kaliti – raqamli shaffoflik infratuzilmasini mahalla darajasida joylashtirish va uni yagona platforma orqali respublika boshqaruviga ulashdan iborat.
2026-yilni "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" deb e’lon qilinishi tasodifiy emas. Prezident o‘z Murojaatnomasida alohida ta’kidlaganidek, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi.
Mahalla – bu nafaqat ijtimoiy birlik, balki raqamli boshqaruvni aholiga eng yaqin nuqtada amalga oshirish uchun noyob institutsiyal mexanizm. Har bir mahallada "mahalla bankiri" va hokim yordamchisi faoliyat ko‘rsatishi, ular loyiha asosida byudjet mablag‘larini jalb qilishi – ana shu tizimning moddiy asosini tashkil etadi.
Murojaatnomada mahallani rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m resurs viloyatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi belgilangan.
Bundan tashqari, "Barqaror shahar" platformasining ishga tushirilishi va "yashash uchun qulaylik indeksi"ning joriy etilishi – har bir mahalla muammosini raqamli tarzda aniqlash va hal etishni ko‘zda tutadi. Bu – "mahaladan respublikagacha bir platforma" g‘oyasining amaliy in’ikosi bo‘lib, boshqaruvning barcha bo‘g‘inlarini raqamli ekotizimda birlashtirish imkonini beradi.
Murojaatnomada 2026-yildan barcha davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil va ko‘chmas mulk savdolarining naqdsiz to‘lov shakliga o‘tkazilishi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, 17 turdagi nazorat tekshiruvlarida "bodi-kamera"dan foydalanish majburiy etiladi. Ushbu choralar raqamli shaffoflik inqilobining muayyan huquqiy kafolatlarini shakllantiradi.
Xalqaro xususiy huquq nuqtai nazaridan, investitsiya muhitini takomillashtirishning hal qiluvchi omili – huquqiy munosabatlarning shaffofligidir.
"Invest.gov.uz" elektron platformasining ishga tushirilishi, xorijiy investorlar uchun "yagona darcha" tamoyilining joriy etilishi, erkin iqtisodiy zonalarda xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyatining yaratilishi – bularning barchasi raqamli boshqaruv va huquqiy shaffoflikni bir-biri bilan bog‘laydigan tizimni tashkil etadi. "Kapital bozori to‘g‘risida"gi yangi qonun loyihasini qabul qilish ham ushbu tizimni mustahkamlaydi.
Murojaatnomada 4 ta "Data markaz", 2 ta super-kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi belgilangan.
Tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, bank-moliya va jamoat xavfsizligi sohalarida 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bu – shunchaki texnologik yangilanish emas, balki boshqaruvning yangi arxitekturasini barpo etish demak. Raqamli texnologiyalar markazi orqali yoshlarning kvant, dron, robototexnika bo‘yicha konstruktorlik loyihalari amaliyotga tatbiq etilishi inson kapitalini raqamli iqtisodiyotga integratsiya qilishning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
Raqamli ekotizim – oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qiladigan platforma mehnat bozori arxitekturasini ham tubdan o‘zgartiradi.
Talabalarning akademik ko‘rsatkichlari va korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlari onlayn tarzda ko‘rinib turishi – shaffof mehnat munosabatlarining digital timsoli.
Naqdsiz to‘lovlar, nazorat tizimlarida kamera, investitsiya platformasi, sun’iy intellekt laboratoriyalari, mehnat bozori ekotizimi, kapital bozori qonunchiligi – bularning barchasi "mahaladan respublikagacha bir platforma"ning o‘zaro bog‘liq elementlari sifatida ko‘zda tutilmoqda.
Halol mehnat va shaffof munosabatlar – nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki fuqarolik jamiyatining ham poydevori. "Halol mehnat – xotirjam hayot va farovon jamiyat garovi" shiori ostida amalga oshirilayotgan islohotlar yaqin kelajakda Yangi O‘zbekistonni raqamli davlat boshqaruvida mintaqaviy liderga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Gulnoza Boboyeva yozib oldi.
O‘zA