Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish kuchaytiriladi
15:30 / 2023-12-01

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 iyuldan boshlab to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori: 

2024 yil 1 iyuldan boshlab - to‘lov tizimi operatorlari uchun 50 mlrd so‘mni, to‘lov tashkilotlari uchun 10 mlrd so‘mni;

2025 yil 1 iyuldan boshlab - to‘lov tashkilotlari uchun 20 mlrd so‘mni tashkil etadi.

O‘g‘rilik, firibgarlik va boshqa huquqbuzarliklarga o‘z vaqtida chek qo‘yish maqsadida Markaziy bankka tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilgan taqdirda, bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni uch kungacha muddatga vaqtincha cheklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berish vakolati beriladi. 

Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar ko‘rsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirish, antifrod tizimlarni joriy etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq o‘tkazmalar nazoratini avtomatlashtirish, bank kartalaridan foydalanishni hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalarini qo‘shimcha biometrik va boshqa himoya choralarini qo‘llagan holda nazorat qilish mexanizmlarini joriy etadi.

Zamonaviy tahdidlar, bank kartalari (karta rekvizitlari) bilan, shu jumladan elektron to‘lov tizimlari orqali noqonuniy operatsiyalarning oldini olish uchun aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, shuningdek, raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqiladi.

Vazirlik va idoralar rahbarlari "Yo‘l xaritasi"da belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsiy javobgar hisoblanadi.

2024 yil 1 aprelga qadar sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi takomillashtiriladi.

O‘zA